Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jo‘qorg‘i Kenges Raisi: “Aholi bugungi hayotidan rozi bo‘lishi kerak”
14:07 / 2022-11-06

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev Qo‘ng‘irot tumanidagi Qoraqalpog‘iston va Jasliq shaharcha fuqarolar yig‘inlarida, Janubiy Ustyurt, Taxtako‘pir tumanidagi Qostruba ovullarida bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashdi.

Dastlab, Qoraqalpog‘iston shaharcha fuqarolar yig‘ini hududidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti, umumta’lim maktabi va sport binolarida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu yerda faoliyat yuritayotgan xodimlar bilan s uhbatlashib, maktabga kompyuter jamlanmasi, kitoblar va sport invertarlari topshirildi.

Shundan so‘ng, xalqaro ahamiyatdagi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204 kilometr oralig‘idagi 240 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish ishlari bilan tanishdi.

Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan ob’ekt qurilishida Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon davlatlarining pudratchi korxonalari avtomobil yo‘liga sement-beton qoplamasini to‘shashi belgilanib, ayni vaqtda  xitoylik yo‘lsozlarga tegishli ob’ektda ishlar olib borilmoqda.

Shu kuni Madaniyat saroyida Jo‘qorg‘i Kenges Raisining shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi uchun ommaviy qabul o‘tkazildi. Unda fuqarolar elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv bilan ta’minlash, tadbirkorlik sohasidagi ayrim masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Qabulda ish bilan ta’minlashni so‘rab murojaat qilgan  Nurlan Qatarbayev, Roma Aleksandrov, Zinaida Bayjanova kabi bir qator fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Ular ushbu hududdagi korxonalar va tadbirkorlik sub’ektlariga ishga joylashtirildi. Rashid Babayevning tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishi uchun yer maydoni auksion savdosiga qo‘yib beriladigan bo‘ldi. Tadbirkor Oljas Yesenov tuyachilik xo‘jaligini tashkil etish va aholini tuya suti hamda go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash uchun imtiyozli kredit so‘rab murojaat qildi. Hududdagi hokim yordamchisi tavsiyasi bilan unga kredit mablag‘i ajratiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, fuqarolarning uyini ta’mirlab berish, shartnoma to‘lovlari va moddiy yordam yuzasidan qilingan murojaatlar ijobiy hal etildi.

Jasliq shaharcha fuqarolar yig‘ini aholisi Salamat Janabayev va Sveta Yelio‘bayevalarning uyini ta’mirlash, Mirzagul Qurbanova rahbarligidagi shirkat xo‘jaligini kerakli asbob-uskunalar bilan ta’minlash yuzasidan qilgan murojaatlari hal etilib, tegishli mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, 17 ta ko‘p qavatli turar-joyning oqova suv muammosi o‘z yechimini topdi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning aksariyati shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Vaqt talab qiladigan murojaatlar tegishli soha rahbarlariga topshirilib, ularning ijrosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining shaxsiy nazoratiga olindi.

Qo‘ng‘irot tumanidan deyarli 200 kilometr uzoq masofada joylashgan Janubiy Ustyurt ovulida bo‘lgan uchrashuvda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish, hududdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini rekonstruksiya qilish, tarbiyachi shtat birligini ochish kabi masalalarni hal etish qayd etildi. Shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash, gaz hisoblagichlar o‘rnatish, ovulga boruvchi yo‘lni ta’mirlash, maktab binosini rekonstruksiya qilish, aholiga moddiy yordam ko‘rsatish masalalarini qisqa muddatda hal etish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi. Natijada ovul xalqini ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolar ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Nukus shahridan 260, Taxtako‘pir tumani markazidan 150 kilometr uzoq masofada joylashgan Qostruba ovuli aholisining ham muammolari o‘rganildi. Asosan qoraqo‘lchilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklariga artezian quduqlarini  qazib berish, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, hududdagi maktabni kadrlar bilan ta’minlash, ovulga boruvchi yo‘lni ta’mirlash yuzasidan tegishli soha rahbarlariga topshiriq berildi.  

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi”. Shunday ekan, chekka hududlar aholisining murojaatlari ijobiy hal etiladi. Insonlarning bugungi hayotidan roziligini ta’minlash yo‘lidagi ezgu ishlar davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA