Ba’zida yon-atrofimizda yoki ijtimoiy tarmoqlarda qarovsiz hayvonlarga nisbatan turli ko‘rinishdagi shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlariga duch kelamiz. Bunday holatlar qarovsiz hayvonlarga ziyon yetkazish bilan birga, insonlarda, ayniqsa, bolalarda hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikni, mehrsizlikni shakllantirishi mumkin.
Bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida har yili avgust oyining uchinchi shanbasi “Butunjahon uysiz hayvonlarni himoya qilish” kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi bilan hamkorlikda “HAYOT” boshpanasiz hayvonlarni himoya qilish jamiyatida “Jonivorlarga yordam — insoniylik ramzi!” shiori ostida ekologik xayriya aksiyasi tashkil etildi.

Ekopartiya vakillari, soha mutasaddilari, deputatlar, “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi, “Yoshlar qanoti” yetakchilari, ekofaol fuqarolar, Ekolog.uz (https://ekolog.uz/) nodavlat notijorat tashkiloti vakillari, bloger va jurnalistlar ishtirokida o‘tgan aksiyada “HAYOT” boshpanasiz hayvonlarni himoya qilish jamiyatiga jonivorlar uchun turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Ma’lum qilinganidek, ushbu jamiyatda 7 mingdan ziyod qarovsiz qolgan itlar ekofaol fuqarolar tomonidan parvarish qilib kelinmoqda. Jamiyatdagi jonivorlar har yili xalqaro tashkilotlardan jalb qilingan mutaxassislar bilan birgalikda kastratsiya va sterilizatsiya qilinmoqda.

Ushbu aksiyaga tashrif buyurgan deputatlar mazkur jamiyat faoliyatini yaxshilash, qarovsiz hayvonlarni himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi uchun takliflar ishlab chiqish maqsadida o‘rganish ishlarini olib bordilar. Boshpanasiz hayvonlarning yashash sharoitlarini yaxshilash, bu borada jamoatchilikning xabardorligini oshirish masalalarida o‘zaro fikr almashildi, takliflar bildirildi. Ko‘ngilli ekofaollarning tabiatni, jonivorlarni asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA