Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jongeldi”da bayramona kayfiyat
21:23 / 2025-12-30

Buxoro viloyati Peshku tumani markazidan 200 kilometrdan ortiq uzoqlikdagi, ma’muriy tuzilishi jihatdan 3 ta — “Safron”, “Qal’a Ota” va “Jongeldi” qishloqlaridan iborat “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi keng yaylovlarda chorvadorlik, yilqichilik, shuningdek, qisman dehqonchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelinayotgan, asosan qozoq millatiga mansub qardoshlarimizdan tarkib topgan 162 ta xonadon, 209 ta oila va ularda jami 765 nafar aholi istiqomat qilmoqda.

“Jongeldi”da yashovchi mahalliy aholi vakillari uchun hozirda 3 ta umumta’lim maktabi, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 10 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy qishloq uchastka kasalxonasi, ijtimoiy dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. “Jongeldi”dagi 24-sonli umumta’lim maktabida 85 nafar, “Safron”dagi 27-sonli ta’lim dargohida 40 nafar, “Qal’a Ota”dagi 25-sonli maktabda esa 27 nafar o‘quvchi o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. O‘ndan ortiq tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatayotgan “Jongeldi” qishloq uchastkasi va uning 2 ta hududdagi shoxobchasida aholi salomatligiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 50 nafardan ortiq bolajonni o‘z bag‘riga olgan 33-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining “Safron” va “Qal’a Ota”da ham filiallari mavjud. 

Bayram arafasida viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar “Jongeldi” ovulida bo‘ldi. Aholining ijtimoiy muhofazasi, ijtimoiy soha inshootlari faoliyati, moddiy texnik imkoniyatlar, qolaversa, hudud infratuzilmasiga doir loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Davlat rahbarining tashabbusi bilan cho‘lquvarlar ovulidagilar uchun keyingi yillarda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari shay qilindi. Elektr energiyasi, yo‘l, issiqlik tizimi, iste’molga yaroqli toza ichimlik suvi, suyultirilgan gaz  ta’minoti, oqava suv tarmog‘ini qurish va talab darajasida ta’minlash ishlari bajarildi. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilib, aholining kundalik zaruriy ehtiyojlari qondirilmoqda. 

Viloyat rahbari ovuldagi aholi turmush tarzi, maktablar, tibbiyot muassasalari, bolalar bog‘chalari moddiy-texnik imkoniyatlari, “mahalla yettiligi” faoliyati, aholining murojaatlariga alohida e’tibor qaratdi. Mutasaddilar hududdagi 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolajonlarning bayram dasturida ishtirok etdi. 

Shuningdek, muassasa faoliyati, uning moddiy-texnik imkoniyati, energiya-issiqlik ta’minoti yaqindan o‘rganildi. 24-umumta’lim maktabida hudud aholisi  va yoshlar uchun bayram dasturi tashkil etildi. O‘quvchilarga Yangi yil sovg‘alari ulashildi. 

Hudud aholisi uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari, viloyatning eng malakali mutaxassislari ishtirokida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Zarif Komilov, O‘zA.