Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jondorlik nuroniylar G‘ijduvonda
12:38 / 2025-08-12

Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi tantanalari arafasida Jondor tumanida yashovchi bir guruh nuroniylar hamda uyushmagan yoshlar vakillari G‘ijduvon tumanida bo‘ldi.

Jondorliklarning G‘ijduvonga safari “Yetti Pir” silsilasiga mansub Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohini ziyorat qilishdan boshlandi. Muqaddas qadamjoda yurtimiz tinchligi-osoyishtaligi, xalqimiz baxt-saodati, turmush farovonligini tilab qilingan duolardan so‘ng ziyoratda mehmonlarga avliyo siymosining nurli hayot yo‘li, xalqqa xizmati va ilm-ma’rifat targ‘ibotidagi beqiyos o‘rni xususida batafsil ma’lumot berildi. 

Jondorlik mehmonlar safari bir nechta ob’ektda tig‘iz dastur va kun tartibi asosida kechdi. Jumladan, “Nuroniylar maskani”da “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” loyihasi doirasida “Keksalarning hayoti biz uchun ibrat” mavzusidagi uchrashuv tashkil qilindi. Hududdagi “Chorsu” mahalla fuqarolar yig‘inida faol nuroniylarning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida kambag‘al oilalar bilan olib borayotgan amaliy ishlar bo‘yicha tajriba almashildi. 

Shundan so‘ng, Ma’naviyat va ma’rifat maskanida bo‘lib o‘tgan “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” deb nomlangan ijodiy uchrashuv va she’rxonlik yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Uch avlod vakillari, ya’ni mehnat faxriylari va uyushmagan yoshlar vakillari sportning shaxmat-shashka turlar bo‘yicha bahslarga kirishdi. Musobaqada qirqqa yaqin ishtirokchi o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. G‘oliblar tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Ikki tuman vakillarining do‘stona uchrashuv va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari tantanalar uyidagi konsert, nuroniylar va yoshlar folklor jamoalari chiqishlari bilan yanada fayzli bo‘ldi. Bunda viloyat va tumanning xushovoz xonandalari, madaniyat uyi badiiy jamoasi o‘z repertuari bilan yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi. 

Shu kuni jondorlik mehmonlar savdo-tijoratchilar, hunarmandlar yurti bo‘lmish G‘ijduvonda so‘nggi yillarda qad rostlagan mustaqillik inshootlari, yangilanishlar, korxona va muassasalar, tadbirkorlik inshootlari bilan yaqindan tanishdi. Muhimi, bu ma’naviy-ma’rifiy safar hamda uchrashuv nuroniylar tajribasi bilan yoshlar jasoratini uyg‘unlashtirib, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy bog‘lanishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.