Buxoro viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i D.Yuldashev ayni kunlarda viloyatdagi tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga ko‘maklashish maqsadida joylarda ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.
Shunday uchrashuv Jondor tumanidagi “Arjumanbonu chorvasi” parrandachilik klasterida tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19 martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidagi o‘zgarish va yangiliklar haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuvda besh nafar tadbirkorning soliq imtiyozlardan foydalanish, QQSni qaytarish hamda soliq hisobotlarini topshirish bilan bog‘liq murojaatlari qabul qilindi. Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi, ayrimlari bo‘yicha mas’ul ijrochilar biriktirildi.

Boshqarma boshlig‘i uchrashuv jarayonida “Arjumanbonu chorvasi” parrandachilik klasteri faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Unda parrandachilik fabrikasi rahbari Gulmurod Umarov korxona faoliyati va yangi g‘oyalar haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.