Buxoro viloyatida kelgusi ikki yil davomida 13 ta shahar va tumanda aholining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri – Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki tirokida amalga oshirilayotgan “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasidir.
Mazkur loyiha doirasida yana 5 ta tumanda keng ko‘lamli ishlar olib borilib, birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra viloyatda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 75 foizdan ham yuqori ko‘rsatkichga yetkaziladi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi qurilish va rekonstruksiya ishlari Jondor tumanida ham jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Jondor tumani ma’muriy jihatdan viloyat markaziga yaqin joylashgan bo‘lsa-da, hududning ayrim chekka mahallalarida ichimlik suvi masalasi yillar davomida dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan.
Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabrda qabul qilingan “2024–2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu dastur doirasida qator mahallalarda suv ta’minoti tizimi yaxshilandi.
[gallery-28073]
Ayni vaqtda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida amalga oshirilayotgan yangi loyiha bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirib, Jondor tumanida ichimlik suvi ta’minoti masalasini to‘liq hal etishga xizmat qilmoqda.
– Maqsadimiz Prezidentimiz tashabbuslari asosida aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashdan iborat, – deydi qurilish bo‘yicha loyiha menejeri Shahboz Jo‘rayev. – Hozirgi kunda tumanda 12 ta mahalla ushbu loyiha doirasiga kiritilgan. Shundan 9 ta mahallada ishlar boshlab yuborildi, qolgan hududlarda ham yaqin kunlarda qurilish ishlari start oladi. Loyihaga muvofiq, jami 811 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan. Shundan 62 kilometri magistral liniyalar, ya’ni asosiy ta’minot tarmoqlari hisoblanadi. Qolgan 749 kilometr esa mahallalardagi ichki tarmoqlardan iborat.
Ushbu ishlar to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng, Jondor tumanida aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Loyihaning e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, “Jondor tumanida suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” ishlari birinchi navbatda tumanning eng olis va chekka mahallalaridan boshlangan. Bu esa mahalliy aholining katta mamnuniyat va minnatdorligiga sabab bo‘lmoqda.
– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mana bizning chekka qishloqlarimizgacha yetib keldi, – deydi tumandagi 17-maktab direktori Axtam Norboyev. – Davlat rahbarining tashabbusi bilan bugun shahar bilan qishloq o‘rtasidagi farq tobora kamayib bormoqda. Qishlog‘imizda obodonlashtirish ishlari bilan birga ichimlik suvi tarmoqlarining olib kelinishi aholini juda xursand qildi. Mahalla hududidagi uchta qishloqqa filtrlangan toza ichimlik suvi yetib kelishi nafaqat aholining turmush sharoitini yaxshilaydi, balki kelajak avlodning sog‘lom bo‘lib kamol topishiga ham xizmat qiladi.
Hozirgi kunda Jondor tumanidagi qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 33,2 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya yo‘naltirilgan.
Loyiha doirasida Bo‘ribog‘i, Markaziy, Mirzayon, Dalmun, Romish, Oxshix kabi yirik mahallalarda yangi suv taqsimlash inshootlari barpo etiladi. Shuningdek, qariyb 500 kilometr masofada ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.
– Hozir biz turgan hudud “Bo‘ribog‘i” mahalla fuqarolar yig‘ini, — deydi texnik nazoratchi O‘tkirbek Salomov. – Bu yerda 576 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Loyiha doirasida 26 kilometr suv tarmog‘i qurilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga kelib ishlar qariyb 70 foizga bajarildi. Kompaniyamiz tomonidan qurilish ishlari sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi doimiy nazoratga olingan.
Ma’lum qilinishicha, tuman bo‘yicha barcha ishlar 2027-yil dekabr oyiga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, 2016-yilda Buxoro viloyatida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 54,4 foizni, oqova xizmati bilan qamrov darajasi esa atigi 8 foizni tashkil etgan edi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bu ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilandi. Xususan, hozirda viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 74,3 foizga, oqova xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi esa 16,9 foizga yetkazildi.
Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan hamkorlikda umumiy qiymati 633,5 million AQSH dollari bo‘lgan yirik loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng Buxoro viloyatida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 98 foizga, oqova xizmati bilan qamrov esa 40 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bu esa aholining turmush sifati yaxshilanishi, sanitariya-gigiyena sharoitlari yuksalishi hamda sog‘lom muhit yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari