Jonajon O‘zbekiston, mangu bo‘l omon!
Eng ulug‘ va eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligi ayyomiga ham sanoqli kunlar qoldi.
Mehribonlik uyida bayram
Eng ulug‘ va eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligi ayyomiga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu munosabat bilan joylarda qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi harbiy orkestri jamoasi hamda faxriy qorovul qo‘shinlari shaxsiy tarkibi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi 30-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun “Jonajon O‘zbekiston, mangu bo‘l omon” shiori ostida bayram dasturi tashkil etildi.
– Bu yilgi yozgi dam olish mavsumi biz uchun sovg‘alarga, yaxshi tadbirlarga boy bo‘ldi. Yaqindagina Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlik” oromgohida dam olib keldik. O‘zim musiqa asboblarini chalishga juda qiziqaman. Shuning uchun musiqa to‘garagiga qatnayapman. Hozir mustaqil kuy ijro eta olaman. Mana, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida turibmiz. Bu yil maktabimizda o‘tadigan tadbirlarda o‘z faolligimni ko‘rsatmoqchiman. Kelajakda esa taniqli orkestr bo‘lishni xohlayman –deydi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Maksem Ahmedov.
Tadbir dasturida Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi. Bayramona kayfiyat ila bolajonlar ofitser va kursantlar bilan birgalikda raqsga tushishdi. Turli qiziqarli o‘yinlar o‘ynashdi. Sahnaviy chiqishlar, xor jamoalarining musiqali badiiy qismlari bolalarni yanada xushnud qildi.
Tadbir so‘nggida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga tashkilotchilarning sovg‘alari topshirildi.