O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va «Tojikfilm» davlat muassasasining “Jomiy va Navoiy” tarixiy filmini yaratish bo‘yicha tuzilgan qo‘shma komissiyasining yakuniy yig‘ilishida film konsepsiyasi ikki davlat mutaxassislari tomonidan ma’qullandi.
Ikki mamlakat kinoijodkorlari va olimlari tomonidan tayyorlangan tarixiy badiiy filmning kengaytirilgan sinopsisi atroflicha muhokama qilindi. Hamkorlikda film suratga olish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 10-11 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida bildirilgan va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.
–Bugun barchamiz Tojikiston va O‘zbekiston xalqlarining buyuk mutafakkirlari, shoir va faylasuflari – Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi do‘stlik haqida badiiy film yaratish jarayonida ishtirok etmoqdamiz, –dedi Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda.
Ssenariy rejasini tayyorlashga Kinematografiya agentligi, «Tojikfilm» davlat muassasasi, ikki mamlakat Kinoijodkorlar uyushmalari, Fan akademiyalari, Madaniyat vazirliklari, san’at institutlari mutaxassislari, sharqshunos olimlar jalb etilgan.
– Ushbu noyob loyihani Yangi O‘zbekiston yuritayotgan yaxshi qo‘shnichilik va ochiqlik siyosatining yorqin namunasi deyish mumkin. Bugun biz ko‘plab ijodiy uchrashuv va muxokamalar, bahs va munozaralar, izlanishlar o‘tkazmoqdamiz. Ushbu loyiha ikki davlat kinoijodkorlari o‘rtasida aloqalarni yanada mustahkamlaydi. Hozir loyiha bo‘yicha tarixiy va faktologik materiallar to‘plandi. O‘tgan yilning oktyabr oyida memorandum imzolanganidan buyon ishchi guruhning 15 dan ortiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Filmning asosiy g‘oyasi “Tinchlik va ma’rifat hukm surgan joyda – taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi” degan o‘zgarmas va hikmatli iboraga asoslangan, – deya ta’kidladi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligida bir qator uchrashuvlar, ko‘plab zum-muzokaralar hamda Tojikiston va O‘zbekistonga hamkorlik tashriflari bo‘lib o‘tdi.
«Tojikfilm» davlat muassasi direktori Mahmadsaid Shohiyonning ta’kidlashicha, ikki davlat kinoijodkorlari badiiy film yaratish ustida birgalikda mehnat qilmoqda.
O‘zbekiston tomonidan filmga rejissyorlik qilayotgan Furqat Usmonov Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov Toshkent kinofestivali doirasida taniqli aktyor Lyuk Besson bilan muzokara o‘tkazganini ma’lum qildi.
–Yaqinda bo‘lib o‘tgan zum-konferensiya davomida Lyuk Besson O‘zbekiston va Tojikiston yosh rejissyorlari bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi va yosh o‘zbek kinoijodkorlarining ishtiyoqidan ilhomlanganligini ta’kidlab o‘tdi. Kelishuvlarga ko‘ra, ssenariy ustida birgalikda ishlaymiz, u loyiha bo‘yicha maslahatchi vazifasini bajaradi. Hozirda u film ssenariysini intiqlik bilan kutmoqda, – dedi Usmonov.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati.
O‘zA