French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jome” me’moriy majmuasi haqida eshitganmisiz? (+video)
13:15 / 2024-02-28

Andijon shahrining Eski shahar hududida “Jome” me’moriy majmuasi joylashgan. Bugun xalq orasida “Andijon registoni” deb ataladigan ushbu majmua Andijon tarixining ko‘zgusi hisoblanadi.

Jome me’moriy majmuasi XIX asr oxirida o‘z davrining badavlat va nufuzli kishilaridan bo‘lgan Muhammadaliboy tomonidan taniqli me’mor, usta Isaxon Muhammad Muso o‘g‘li loyihasi bilan Farg‘ona vodiysi me’morchilik maktabi milliy an’analari asosida bunyod etilgan. 

Umumiy maydoni 2,5 gektarli majmua to‘rtburchak shaklda bo‘lib, masjid, to‘rtta burchagida gumbaz, g‘arbiy tomonida xonaqox, minora va 122 ta hujra mavjud bo‘lgan. 

Bugun majmuaning 20 dan ortiq naqshinkor ustunlar bilan bezangan, o‘ziga xos ko‘rinishga ega ayvoniga yaqin joyida balandligi 34,5 metr bo‘lgan qubbali minora mavjud. Minoraga quyidan yuqorigacha bir necha qator “hoshiyasimon” bezaklar, o‘rtasida ko‘k va oq rangli koshin belbog‘ hamda kufiy xatida “Alloh”, “Muhammad” yozuvlari bilan sayqal berilgan.

–1902-yilda Andijonda bo‘lib o‘tgan qattiq zilzila oqibatida majmuadagi binolar, shuningdek, minoraning yuqori qismi shikastlangan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniy meros agentligi Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi bosh mutaxassisi, san’anshunos Dilshodbek Yusupov. – 1906-yil me’mor Isaxonning ukasi, usta Yusufali Musayev boshchiligidagi ustalar tomonidan ta’mirlangan. O‘sha davrlarda Jome madrasasi nomi bilan mashhur bo‘lgan ushbu maskan oliy diniy maktab maqomida faoliyat ko‘rsatgan. 

Majmua masjid, diniy ta’lim dargohi sifatida barpo etilgan bo‘lsa, keyinchalik undan turli maqsadlarda foydalanilgan. Urush yillarida aholi turar joyi bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan asrning 60-90-yillarida bu yerda tikuvchilik fabrikasi faoliyat ko‘rsatgan. 

1970-1975-yillarda majmuaning madrasa qismi to‘liq ta’mirlanib, obidaning kirish ichki maydonchasi, ravoq, gumbazi hamda ikki chekkadagi darsxona bo‘lgan hujralar va gumbazlari usta Ibrohimjon Mamadaliyev boshchiligida geometrik girix, o‘simliksimon naqshlar uyg‘unligida ganch o‘ymakorligi asosida ta’mirlangan. Kirish darvozasi va ayrim hujra eshiklari usta Teshaboy Ismoilov tomonidan yog‘och o‘ymakorligi asosida bezatilgan. Butun bino devorlari koshinlar bilan qoplanib, gumbaz, oldi qismi va eshik tepasiga naqshinkor, moviy rangli koshinlar bilan sayqal berilgan. 

1990-1993-yillarda esa xonaqoh to‘liq ta’mirlanib, ulkan mahobatli o‘ymakor ustunli naqshinkor, hashamdor osma ayvon qurilgan. Ayvon aroqi sarrobli, to‘sinli va osma lampa uslubida milliy hamda Farg‘ona vodiysi naqqoshlik maktabi an’analari asosida qad rostlangan. 

Majmua 1989-1995-yillarda diniy o‘quv madrasa, 1995-2016-yillarda Adabiyot va san’at muzeyi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Majmua Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda milliy va zamonaviy uslubda to‘liq ta’mirlanib, butunlay yangicha qiyofa kasb etdi. Hozir majmuaning oldi qismida keng maydon, favvora barpo etilgan. Bu yerda viloyat amaliy san’at va badiiy hunarmandchilik markazi tashkil etilgan. Majmua hududiga milliy hunarmandchilik mahsulotlari, suvenirlar, sovg‘alar tayyorlanadigan, sotiladigan milliy ko‘rinishga ega 50 dan ortiq do‘kon qurildi. 

[gallery-16152]

–Men shogirdlarim bilan zardo‘zlik hunari bilan shug‘ullanaman, - deydi hunarmand Sevaraxon Niyozmatova. – Ushbu majmuadan ajratilgan ustaxonada milliy zardo‘zlik mahsulotlarini tayyorlab, yurtdoshlarimizga, shahrimiz mehmonlari va sayyohlarga sotamiz. Boshqa viloyatlardan, xorijdan Andijonga kelgan mehmonlar ushbu majmuada bo‘lib, bu yerda tayyorlanayotgan zardo‘zlik, kulolchilik mahsulotlari, milliy liboslar, qo‘g‘irchoqlar, milliy ko‘rinishdagi suvinerlardan, albatta, xarid qilishadi.

Xalqimizning milliy urf-odat, qadriyatlarini o‘zida ifoda etgan ushbu majmuadan o‘rin olgan har bir bino o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi, viloyat tarixining ma’lum bir davrini aks ettiradi.

Yurtdoshlarimiz va xorijdan tashrif buyuradigan sayyohlar uchun ziyorat qiladigan maskanlardan biriga aylangan majmua madaniy meros obyekti sifatida ro‘yxatga olingan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CKreST-qkAs" title="“Jome” meʼmoriy majmuasi haqida eshitganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin Ubaydullayev, Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari