Yurtimizda muhim sanalar, umumxalq bayramlari arafasida “to‘yga to‘yona bilan” degan naqlga amal qilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlarini foydalanishga topshirish an’ana tusini olgan.
Samarqand viloyati Jomboy tumani aholisi uchun Navro‘z umumxalq bayrami arafasida bebaho to‘yona — tuman axborot-kutubxona markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
— Prezidentimizning “Aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan Jomboy tumanida 2020 yilda axborot-kutubxona markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, sharoit yo‘qligi bois talab darajasida faoliyat yurita olmayotgan edi, – deydi tuman hokimi Qayum Sobirov. – 2022 yilda tuman ziyolilari tomonidan kutubxona uchun zamonaviy bino qurish tashabbusi ilgari surildi. Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va axborot-kutubxona markazi hamkorligida “Tashabbusli byudjet” platformasiga joylashtirilgan ushbu taklif tumanimiz aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Natijada, Moliya vazirligi tomonidan 1 milliard 200 million so‘m ajratilib, tuman markazida ushbu bino bunyod etilib, kitobxonlarimiz uchun zamonaviy sharoit yaratildi.
[gallery-11041]
Jomboy tuman axborot-kutubxona markazining ikki qavatli yangi binosi 100 o‘ringa mo‘ljallangan. Ikkita o‘quv zali, bolalar bo‘limi, kompyuter va saqlash xonalari, anjumanlar zali foydalanuvchilar ixtiyorida.
— Yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida markazimiz zamonaviy binoda faoliyat boshladi, – deydi tuman axborot-kutubxona markazi rahbari Farida Nurillayeva. – bugungi kunda markazimiz fondida 15509 dona kitob mavjud. Ularning 12128 donasini badiiy adabiyotlar tashkil qiladi. Qolgan qismi sohalarga oid adabiyotlardan iborat. Markazda kitobxonalar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bugun bu yerga kelgan keksayu yosh buni guvohi bo‘ldi. Albatta, endi kitobxonlarimiz soni ham keskin ortadi. Shu bois, bizning endigi asosiy vazifamiz kitob fondini oshirib, kitobxonlarga sifatli xizmat ko‘rsatishdan iborat.
Zamonaviy binoda faoliyat boshlagan axborot-kutubxona markazi ilk kundan jomboylik kitobxonlar bilan gavjum bo‘ldi. Ularning barchasi yaratilgan sharoitdan mamnunligini bildirib, kitob mutolaasiga kirishishdi.
— Tumanimiz axborot-kutubxona markazida yetarli sharoit yo‘qligi bois, ko‘pincha viloyat markazidagi kutubxonalarga borishga majbur bo‘lardik, – deydi tumandagi 46-maktab o‘quvchisi Marjona Abdurashidova. – O‘zim bir necha marta Pushkin nomidagi viloyat axborot-resurs markaziga zarur adabiyotlarni izlab borib kelganman. Tumanimizda ochilgan yangi axborot-kutubxona markazi bizga juda ham qulay bo‘ldi. Maktabdan keyin bu yerda bamalol kitob mutolaa qilish imkoniyati yaratildi. Biz bundan xursandmiz.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA