Adliya organlarining xalq orasiga kirib borayotgani ijobiy samara bermoqda. Boisi, joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, sayyor qabullar, o‘tkazilayotgan monitoring va o‘rganishlar chog‘ida odamlarni uzoq yillar mobaynida qiynab kelgan muammolar yuzaga chiqmoqda va ularga yechim topilmoqda.
Jomboylik Oftob aya Ortiqova ham muammosi hal bo‘lishini bir oy, bir yil yoki o‘n yil kutgani yo‘q. Aya umrining 74 yilini shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish orzusida o‘tkazdi. O‘z haq-huquqlarini bilmagan, huquqiy savodxonligi bo‘lmagan oddiy bir ayol shu asnoda 70 yildan ortiq vaqtni kutish bilan o‘tkazdi.
Buning oqibatida fuqaro na pasport ololdi, na pensiyaga chiqoldi. Jomboy tuman adliya bo‘limining FHDYO bo‘limiga murojaat qilgach, masala qisqa fursatda ijobiy hal bo‘ldi. 1948 yilda tug‘ilgan Oftob aya Ortiqovaning tug‘ilganligi muddati o‘tkazib qayd qilindi va guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
Tahlillarga ko‘ra, FHDYO bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyida 2311 ta tug‘ilish qayd qilingan bo‘lib, shundan 40 tasi muddatini o‘tkazib qayd qilingan.
G‘.Hasanov, O‘zA