Ayni paytda xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Q.Sobirov hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan aholiga murojaat qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, yil boshidan buyon tumanda hududiy investitsiya dasturlari doirasida umumiy qiymati 430 milliard so‘mlik 41 ta loyiha ishga tushirildi.
Jumladan, sanoatda 86 milliard so‘mlik 13 ta, qishloq xo‘jaligida 308 milliard so‘mlik 15 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 36 milliard so‘mlik 13 ta loyihalar ro‘yobga chiqdi. Natijada, 545 ta yangi ish o‘rinlari hamda 5 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 36 milliard so‘mlik 5 ta loyiha ishga tushirilib, 76 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
E’tiborli tomoni, sessiyaga senator va deputatlar, sektor rahbarlari, tuman faollari bilan birga umumta’lim maktablarining 10 nafar faol bitiruvchilari ham taklif etilgan.
- Yoshlar ertangi kunimiz egalari, ular bugun tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlardan xabardor bo‘lishi, bu jarayonda ishtirok etishi va shundan kelib chiqib o‘z oldiga maqsad qo‘yishi kerak, - dedi tuman hokimi. - Shuning uchun keyingi ikki sessiyamizga faol yoshlarni ham taklif etyapmiz. Bu orqali ular Kengash ishi bilan, deputat faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA