Samarqand viloyatining Jomboy tumanida Shayx Abdulaziz Shamsulayimma – Holvoyi yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Shayx Abdulaziz Shamsulayimma – Holvoyi X-XI asrlarda zaminimizda yashab o‘tgan fihq namoyandasi, o‘nlab shogirdlar tayyorlagan buyuk ma’rifatparvar bo‘lgan. Uning shariat qoidalariga asoslangan fatvolari ilmiy asoslanganligi, puxta va aniq, tushunarli tarzdagi bayoni bilan o‘z davrida qadrlangan va bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Tarixchi va manbashunos olimlar uzoq yillar davomida bu shaxs dafn etilgan maskanni Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shahridan izlashgan. Keyingi tadqiqotlar allomaning qabri Jomboy tumanida ekanini tasdiqladi.
Taniqli olim Komilxon Kattayev boshchiligidagi manbashunoslar 2008 yilda Holvoyi mahallasidagi qadimiy qabristondan u zotning mangu qo‘nimgohini qayd etgach, hashar yo‘li bilan sag‘ana barpo etilgandi. 2022-2024 yillarda faollar, saxovatli tadbirkorlar va ziyolilar ko‘magi bilan ziyoratgoh yanada obod qilindi. Qabr ustiga muhtasham maqbara va xonaqoh qurildi.

Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyondalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari o‘qilib, qurbonlik amalga oshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, Shamsulayimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri