Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jo Bayden – AQSH fuqarolari nega aynan uni saylashdi?
11:55 / 2020-12-21

Jo Bayden – AQSH fuqarolari nega aynan uni saylashdi?

Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2020 yil 3 noyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Jo Bayden amaldagi prezident Donald Trampni mag‘lub qilib, AQSHning 46-prezidenti etib saylandi.

U 2021 yil 20 yanvarda Oq uyda qasamyod qiladi. Nafaqat, AQSHning, balki butun dunyoning geosiyosatiga aloqador shaxs, ya’ni Jo Bayden kim, u qanday g‘oyalarni ilgari suradi? Uning shu paytgacha faoliyati nimalardan iborat bo‘lgan, nima uchun AQSH fuqarolari aynan uni saylashdi?  

BAYDENNING HAYOTI: TURMUSH VA OILA

Jo Bayden 1942 yilda Pensilvaniya shtatida tug‘ilgan. Otasi dastlab badavlat bo‘lgan. Ammo Bayden tug‘ilgan paytlarda ularning oilasi moliyaviy tanazzulga uchraydi. Otasi ish topa olmaganidan so‘ng ularning oilasi Delaver shtatiga ko‘chib keladi. Bayden maktab davrlarida futbol va beysbolni tengdoshlariga nisbatan ancha yaxshi o‘ynagan.  

Kambag‘al o‘quvchi bo‘lishiga qaramay, u doim sinfda yetakchi sardor vazifasini bajarib kelgan. Baydenning nutqida kamchiliklar bo‘lgan. Shu sababli u doimo ko‘zgu oldida she’r o‘qib mashq qilgan. Mashqlari samara berib, voyaga yetgach nutqi ravonlashib ketadi. Bayden 1972 yil Neilia Xunterga uylanadi. Ularning Bou va Robert ismli o‘g‘illari va Naomi ismli qizi bo‘lgan.

1972 yilda Baydenning rafiqasi va qizi Delaver shtatida avtohalokatda vafot etishadi. Baxtsiz hodisadan omon qolgan o‘g‘illarini yolg‘iz qoldirmaslik maqsadida u iste’foga chiqmoqchi bo‘ladi. Ammo Senat bunga ruxsat bermaydi. U o‘g‘illarining tarbiyasiga ham yetarlicha vaqt ajratadi.

Baydenning ikkinchi rafiqasi o‘qituvchi Treysi Jeyskob ham siyosatga qiziqadigan shaxs bo‘ladi.  

1977 yilda ular turmush qurishadi. Baydenning ikkinchi turmushidan Eshli Bleyzer ismli qizchasi bo‘ladi. Uning katta o‘g‘li Bou Bayden faoliyati davomida Iroqda armiya sudyasi advokatidan Delaver shtatining bosh prokurori darajasigacha ko‘tariladi. Bou 2015 yilda miya saratonidan vafot etadi.  

HUQUQSHUNOSLIKDAN SENATORLIKKACHA...

Jo Bayden Delaver shtati universitetini va Sirakuza universiteti kollejining huquqshunoslik yo‘nalishini tamomlaydi. Faoliyatini ushbu kollejda yurist sifatida boshlaydi.

1968 yilda Bayden taniqli mahalliy respublikachi Uilyam Priket boshchiligidagi «Uilmington» yuridik firmasiga ishga kiradi. Shu yili u Delaver shtatidagi Nyu-Qasi respublikachilar okrugi kengashiga saylanadi.  

U o‘z partiyasini o‘zgartiradi. 1972 yil Bayden Delaver shtatida AQSHning demokrat senatoriga aylanadi. U faoliyat boshlagan saylov kampaniyasining hisobida deyarli pul yo‘q edi. Shunda Baydenning oila a’zolari saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashib, saylov kampaniyasini boshqarishga yordam bergan. Bayden saylovda g‘alaba qozonadi va AQSH tarixidagi eng yosh senatorga aylanadi.

Senatning birinchi o‘n yilligida Bayden qurollarni nazorat qilishga e’tibor qaratdi. Bu bilan u Senatning tashqi aloqalar bir qancha o‘zgarishlarni amalga oshiradi.

ORZUNING USHALISHI...

Bayden 1988 yildagi prezidentlik saylovlarida demokratik partiyadan nomzodini ilgari surdi. U mo‘’tadil imiji, nutqiy barkamolligi va Senat Adliya qo‘mitasi raisi sifatidagi obro‘si tufayli kuchli nomzodlar hisobidan o‘rin olgandi. Agar u saylovda g‘alaba qozonganida AQSHdagi eng kichik prezident Kennedidan so‘ng 2- o‘rinda turar edi.

Lekin Bayden Buyuk Britaniyaning Mehnat partiyasi rahbari Nill Kinnokning nutqini plagiat qilganlikda ayblanadi. Bayden avval ham Robert Kennedining 1967 yilgi nutqidan foydalangan edi. Saylovdan ikki yil oldin esa Bayden Hubert Xamfri tomonidan yozilgan parchani o‘z nutqida ishlatgan edi. Turli xil plagiat nutqlar va dastlabki hayoti haqida bo‘rttirib aytilgan gaplari uchun Bayden saylovdan chetlashtiriladi.  

Uning anivrizma kasalligidan davolanish uchun jarrohlik amaliyotini olishi biroz muddatga Senatdan uzoqlashtiradi.

Bayden Senatning uzoq yillik a’zosi edi. 1987 yildan 1995 yilgacha davom etgan faoliyatida uning siyosiy bilim va ko‘nikmalari tobora kuchayib bordi.

Bayden Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasining uzoq yillik a’zosi bo‘lgan. 2001-2003 va 2007-2009 yillar oralig‘ida bu qo‘mitaga raislik qiladi. Shu vaqt ichida u 60 ta mamlakat va 150 nafar davlat rahbarlari bilan uchrashdi va tashqi siyosat bo‘yicha taniqli demokratga aylandi.

1972 yildan to 2008 yilgacha Bayden Senatda qayta saylanish jarayonida 60% dan kam ovoz olmagan. U 2020 yilga kelib AQSH tarixida eng uzoq muddat ishlagan 18-senatorga aylandi.

Baydenning ko‘pincha tayyorlangan nutqlardan qochishi, kuchli ma’ruzachi va munozaralarga tez kirishib ketishi faoliyatida doimo asosiy yutuqlaridan bo‘lgan.

2008 yilda prezidentlik saylovida Bayden ikkinchi marta o‘z nomzodini ilgari surdi. Ammo mablag‘ yig‘ish va odamlarni mitinglarga to‘plashga qiynaldi. U Obama va Xillari Klintonga qarshi kurash olib bora olmasligini bilib, Obamaga homiylik va ustozlik qilishga kirishadi.  

Obama uchun esa tashqi siyosat va milliy xavfsizlik bo‘yicha tajribaga ega inson juda asqatardi. Bayden Obamaning vitse-prezidenti bo‘lishga rozilik bildiradi va ular birgalikda faoliyat yurita boshlaydi.

BAYDEN KO‘TARGAN MAVZULAR...

U faoliyatining boshlarida mahalliy uylarni buzib katta avtomobil yo‘llarining qurilishiga qarshi chiqadi. Senatda ishlagan dastlabki yillarida Bayden iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga e’tibor qaratdi.

Undan tashqari Baydenning senatorlik saylov kampaniyasi Vetnamdan AQSHning chiqib ketish, atrof-muhit, fuqarolik huquqi, ommaviy tranzit, adolatli soliqqa tortish, sog‘liqni saqlash va shu kabi masalalarga qaratilgan.  

Bayden 2001 yilda Afg‘onistondagi urushning kuchli tarafdori bo‘lgan.

2011 yilda AQSH qo‘shinlarini olib chiqib ketish orqali AQSHning Iroqqa nisbatan siyosatini shakllantirishga yordam berdi. 2011 yilda Tashqi siyosatda Bayden Liviyaga NATO boshchiligidagi harbiy aralashuvni qo‘llab-quvvatladi.

Rossiya bilan esa iqtisodiy aloqalarni yaxshiladi. 2012 yilda «Amerika soliq to‘lovchilariga yordam berish to‘g‘risi»dagi qonunni qabul qildi.  

2013 yilda Bayden «Ayollarga qarshi zo‘ravonlik to‘g‘risida»gi qonunni qayta rasmiylashtiradi.

Vitse-prezidentlikdan ketgandan keyin Pensilvaniya universitetining professori bo‘ladi va saraton kasalligining davolash usullarini yaratish bo‘yicha ishlar olib boradi.

BAYDEN HAQIDA FIKRLAR...  

Barak Obama (Aqshning sobiq prezidenti): «Joning eng yaxshi fazilati shundaki, biz barchani birlashtirganimizda odamlarni o‘z pozitsiyalarini qo‘llashga va himoya qilishga, vaziyatga har tomondan yondashishga majbur qiladi».

Xovard Fineman (siyosatchi): «Bayden akademik emas, u nazariy fikrlovchi ham emas, u amaliyotchidir».

Devid S. Broder (siyosiy sharhlovchi): "U hamma vaqt izchil bo‘lib kelgan. Siyosatda uzoq muddat faoliyat yuritganligi boshqa siyosatchilar bilan muomala qilish qobiliyatini shakllantirdi".

Garri F.Temal ( "Delaver" gazetasi sharhlovchisi): “Demokratik partiyaning oqilona senatori».

Bayden AQSHda 2020 yil noyabrda o‘tkaziladigan saylovda o‘z nomzodini qo‘ydi va g‘alaba qozondi. "Time" jurnali Jo Baydenni “2020 yil odami" deb e’lon qildi.

Dilfuza OSTONOVA tayyorladi