French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxliklar ham hayit namozini jamoa bo‘lib ado etdi
07:27 / 2023-06-28

Jizzax viloyatidan 637 nafar fuqarolar Suadiya Arabistonida Haj amallarini bajarayotgan bo‘lsa, 78 mingdan ortiq jizzaxliklar 169 ta jome masjidida Qurbon hayiti namozi ado etdi.

Bugun yurtimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishlari, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 28 iyun erta sahardan minglab jizzaxliklar jome masjidlarida muborak Qurbon hayiti namozini o‘qish uchun nomozgohlar sari otlandi.

Jannatmakon O‘zbekistonning boshqa masjidlaridagi kabi Jizzax viloyatida ham Qurbon hayiti namozini ko‘tarinki ruhda ado etish uchun namozgohlar jamoasi, huquq tartibot idoralari, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar va nodavlat tashkilotlari xodimlari namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga harakat qildi.

Viloyatdagi Qurbon hayiti o‘qilgan jome masjidlarning imomlari Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakatimizning barcha musulmonlari va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Tinch va osuda yurtda yashayotganimiz, xotirjam ibodatlar qilayotganimiz, yurt boshiga oqil, xalqparvar rahbarni ato etganligi uchun Allohga behisob shukurlar aytildi. Shuningdek, har bir jome masjid imomlari Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas islom dini buyurgan ibodatlar, O‘zbekistondagi islom dini rivoji, ma’naviy qadriyatlar yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, mamlakatdagi bugungi farovon hayotning mazmun-mohiyati haqida amru-ma’ruf qilinib, Qurbon hayitini munosib nishonlash, bu kunni ulug‘ bayram sifatida yaxshi kayfiyatda o‘tkazish lozimligini, gina-kudratlar unut bo‘lishi, imkoniyati borlar qurbonliklar qilib, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, beva-bechora, yetim-yesirlarga ehson etishlari lozimligi alohida ta’kidlandi.

– Muhtaram Yurtboshimizning joriy yil 19 iyun kuni imzolagan “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” gi qarori bilan Qurbon hayitining birinchi kuni 28 iyun — chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, yurtimizda 2023 yil 28 iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansh, aholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 dekabrdagi “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-270-sonli farmoni bilan ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2023 yilning 29-30 iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1 iyul kuni qo‘shimcha dam olish kunlari deb e’lon qilindi, – deydi Jizzax viloyati hokimligi jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar  bo‘yicha kotibiyati mudiri Nurali Raimov. – Haftaning chorshanba, ya’ni joriy yilning 28 iyun Qurbon hayiti kuni Jizzax shahri va viloyatning yana 12 ta tumandagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi jami 169 ta jome masjidlarida 78 mingdan ortiq jizzaxliklar Qurbon hayiti namozi o‘qidi.  

Qurbon hayiti namozi o‘qib bo‘lingach, masjidlar imomlari, ma’muriyati hamda barcha jamoa bo‘lib hayit namozini o‘qigan namozxonlar nomidan juda sifatli xizmat ko‘rsatgan mahalliy hokimliklar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, obodonlashtirish va toza hudud hamda boshqa mutasaddi idoralar xoldimlariga samimiy minnatdorchilik bildirildi.

A.QAYUMOV, O‘zA