Bugun Jizzax shahriga nazar tashlasangiz, bu yerda nafaqat binolar qad rostlayotganini, balki hayot sur’ati, odamlarning kayfiyati, kelajakka bo‘lgan ishonch ham yangilanib borayotganini his etasiz. Poyoniga yetib borayotgan 2025 yilda shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aynan shu ruhni – barqaror taraqqiyot va inson manfaatini ustuvor qo‘ygan islohotlar mohiyatini yaqqol namoyon etmoqda.
Jizzaxdagi qurilish va obodonlashtirish jarayonlari shahar qiyofasini o‘zgartirish bilangina cheklanib qolmayapti. Ular aholi uchun zamonaviy, qulay va ekologik barqaror yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan tizimli hududiy siyosatning uzviy qismiga aylangan.
Bu borada Sharof Rashidov tumani hududida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” turar-joy massivi alohida ahamiyatga ega. 140 gektar maydonda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida uch bosqichda 105 ta ko‘p qavatli uy barpo etilib, jami 3 ming 936 xonadon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 9, 12 va 16 qavatli zamonaviy binolar shaharning me’moriy qiyofasiga mutlaqo yangi nafas olib kirmoqda. Birinchi bosqichda turar-joylar bilan bir qatorda maktab, bog‘cha, markaziy qazonxona va ichki infratuzilma ob’ektlari barpo etildi. Keyingi bosqichlarda esa savdo-maishiy majmualar va yashil hududlar tashkil etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Eng muhimi, mazkur massivlar aholini imtiyozli ipoteka asosida uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
[gallery-26949]
Jizzaxdagi bunday yangilanishlar umummilliy bunyodkorlik jarayonlarining uzviy davomidir. So‘nggi yillarda mamlakatimiz bo‘ylab minglab yangi uy-joylar foydalanishga topshirilib, “Yangi O‘zbekiston” massivlari shahar va tumanlarning ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Bu esa transport, muhandislik kommunikatsiyalari, ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash orqali aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Voha bunyodkorlari yangi qurilishlar bilan cheklanmay, Jizzax shahrida 1970–1990 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uy-joy fondini yangilash ishlarini izchil amalga oshirayotganini ta’kidlab o‘tish lozim. O‘sha davrda barpo etilgan 1783 ta uyning jami 1,1 million kvadrat metri bazalt qoplamasi bilan qoplandi. Bu nafaqat binolarning tashqi ko‘rinishini yaxshiladi, balki ularning mustahkamligi va foydalanish muddatini uzaytirishga ham xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, uylar atrofidagi hududlarni obodonlashtirish, yo‘laklar, yoritish tizimlari va yashil maydonlarni yangilash ishlari aholi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratishda muhim omilga aylandi.
E’tiborli jihati shundaki, yangi qurilayotgan ob’ektlarda energiya tejavchi va iqlimga mos texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi, avtomatlashtirilgan isitish tizimlari va innovatsion yechimlar aholi uchun ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan manfaatlidir.
Xulosa qilib aytganda, Jizzaxda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari faqat shahar qiyofasini emas, odamlar hayotining mazmunini ham o‘zgartirayotganini ko‘rish mumkin. Bu islohotlar “inson qadri uchun” tamoyilining hayotdagi ifodasi bo‘lib, jizzaxliklarning buguniga shukronalik, ertasiga esa ishonch bag‘ishlamoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari