Joriy yilning 8-9-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi, bir qator istiqbolli loyihalar, qurilish, bunyodkorlik ishlari, sanoat, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi va fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlarda bo‘ldi. Tashrif yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirokchilarni va barcha Jizzax ahlini Muborak Ramazon hayiti bilan samimiy qutladi.
Mamlakatimizning barcha masjidlaridagi kabi Jizzax viloyatidagi 169 ta masjidda ham Ramazon hayiti namozi ko‘tarinki ruhda ado etildi.
Ushbu amalni ado etishlik uchun masjidlar jamoasi, huquq tartibot idoralari, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar va nodavlat tashkilotlari xodimlari namozxonlar uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Har bir jome masjid imomi hayit bayrami fazilatlari xususidagi amr-u ma’ruflarida Ramazon hayiti bayramini munosib nishonlash, bu kunni ulug‘ bayram sifatida yaxshi kayfiyatda o‘tkazish lozimligini, gina-kudratlar unut bo‘lishi, ehtiyojmandlarga – zakot, fitr ro‘za, ehsonlarni vaqtida yetkazish, tuhfa etish lozimligini alohida ta’kidladilar.
[gallery-16858]
– Yaratganga behisob hamd-u sanolar va uning payg‘ambarlariga salovatlar bo‘lsinki, jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning sayyidi va eng fazilatlisi bo‘lgan Ramazon oyini nihoyatda ko‘tarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini ro‘zador holda o‘tkazib, Islomning besh ruknidan biri bo‘lgan Ramazon ro‘zasini tutib, zimmalaridagi vazifani sharaf bilan o‘tadilar, inshoolloh, – deydi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonxon hoji Jabborov. – Bugun Islom olamining ulug‘ bayramlaridan biri muborak Ramazon hayiti va bu kunda Alloh taolo jamoat bo‘lib hayit namozini o‘qishni, muborak bayram sifatida nishonlashni buyurgan.
Muhtaram Yurtboshimiz kuni kecha Zarbdor tumanidagi majlislar zalida jizzaxlik nuroniylar, faollar bilan yuzma-yuz muloqotda Muborak Ramazon hayiti bilan barchalarimizni qutlab, musulmonlarning ushbu bayramni munosib kutib olishimiz va yuksak saviyada o‘tkazishimiz lozimligini ta’kidladilar, barcha o‘zbekistonliklarning xonadoniga tinch-totuvlik, dasturxonlariga qut baraka, osmonimizga musafolik tilaganlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlaridan eshitish nasib etdi va bu biz uchun katta faxrdir.
Prezidentimiz joriy yilning 8-aprel kungi farmoni bilan esa xato yo‘lni tanlab, o‘z qilmishlariga astoydil pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga kirgan 540 nafardan ortiq mahkum vatandoshlarimiz va bir qator chet mamlakat fuqarolarini ham avf etib, hibsxonalardan ozodlikka chiqardilar va ular bugungi Muborak Ramazon hayitini oilasi bag‘rida o‘tkazayotganlarining o‘zi xalqimizga xos kechirimlilikning eng ulug‘ namunasidir, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman.
Bugungi hayit kuni viloyatimizning jami 169 ta jome masjidida muborak Ramazon hayit namozi o‘qilib, unda 4 mingga yaqin mo‘min musulmon birodarlarimiz ishtirok etgani mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat, yurtimizdagi tinchlikning yorqin samarasidir. Shunday kunlarga yetkazganiga bedad shukurlar bo‘lsin!
Darhaqiqat, Jizzax shahri va 12 ta tuman markazi, 309 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi masjidlarga hayit namozini o‘qish maqsadida boruvchilarga qulaylik yaratish, yo‘llar va masjidlar oldida paydo bo‘ladigan tirbandliklarning oldini olish hamda Ramazon hayit bayramida sifatli, xavfsiz jamoat transporti xizmatini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi. Yo‘nalishli avtobus va yo‘nalishsiz taksilar xizmati tashkil etilib, haydovchilar, viloyat IIB jamoat xavfsizlik xizmati va yo‘l harakati xizmati boshqarmasi, respublika tez tibbiy yordam ko‘rsatish ilmiy markazi Jizzax viloyat filiali, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlarining hamda haydovchilarning tungi soat 4:00 dan navbatchiligi tashkil etilib, fuqarolarning masjidlarga xavfsiz kelib-ketishlari, hayit namozi paytidagi namozxonlarning salomatliklari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida namunali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganini ham alohida qayd etish lozim.
Masjidlarda muborak Ramazon Hayiti namozi o‘qib bo‘lingach, jamoat bo‘lib, ana shu ezgu ishlarni boshida turgan Yurtboshimizga Yaratgandan tani-sihatlik so‘raldi, xizmat ko‘rsatishni sifatli ravishda yo‘lga qo‘ygan barcha xizmat vakillariga samimiy minnatdorchilik bildirib, ishlariga baror tilandi, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, dehqonchilikka barokat so‘rab duolar qilindi.
Barchalarimizga muborak Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari