3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni hamda 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi bayrami arafasida Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida “Inson qadri uchun” yoshlar aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va barcha sektorlar rahbarlari hamkorligida tashkil etildi.

Mirzacho‘lliklar boshlagan ushbu xayirli aksiya jarayonida yosh volontyorlar “Zarafshon” daryosidan tumanga toza ichimlik suv olib kelish yo‘lida mehnat qilayotgan “Toza hudud” korxonasi mexanizator va ishchi-xizmatchilarining huzurida bo‘ldi. Ularga qaynoqqina qahva yoki choy, issiq qo‘lqoplar ulashildi.

– Volontyorlar tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limida ham bo‘lib, bu yerda davolanayotgan bolajonlar holidan xabar oldi va sovg‘a-salomlar ulashdi, – deydi tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari Xurshida Sherbekova. – Shifoxonaga ertak qaxramonlari “quyoncha” va “bo‘rivoy”ning borishi davolanayotgan bolajonlarga xush kayfiyat ulashdi. Volontyorlar aksiya jarayonida “Mirzadala” SHFY “Yangiobod” ko‘chasida yashovchi I guruh nogironi B.Qosimov xonadonida ham bo‘ldi, fuqaroga ko‘chma tibbiy xizmat ko‘rsatildi.

Shuningdek, “G‘alaba” MFY “O‘zbekiston” ko‘chasida yashovchi I guruh nogironi I.Boboyev va “O‘zbekiston” QFYda yashovchi E.Turonovga nogironlik aravachalari, “Mustaqillik” MFY “Sangzor” ko‘chasi 20-uyda yashovchi I guruh nogironi A.Davidenko oilasiga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va dori darmonlar yetkazib berildi.

Ayniqsa, Kazibayevalar xonadoniga borish katta bayramga aylanib ketdi. Ushbu xonadon sohibasi Dilbar Kazibayeva 25 yildan buyon O‘zbekistonda yashab kelayotgan bo‘lsa-da, shu paytgacha uning fuqaroligi bo‘lmagan. Dilbar opaga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti topshirildi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” loyihasi doirasida 100 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ham ekildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA