Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxlik “Yosh kitobxon oila” va “Mushoira” g‘olibi aniqlandi
12:15 / 2022-06-06

Jizzaxda “Yosh kitobxon oila” va “Mushoira” tanlovlarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi va boshqa hamkorlar tomonidan tashkil etilgan ushbu ko‘rik-tanlovlarda shahar va tuman hududiy bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Yosh kitobxon oila”lar hamda “Mushoira” tanlovlari g‘oliblari ishtirok etdi.

– Maqsad, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va kitob mutolaasi, intellektual va ijodiy salohiyatini oshirish, ma’naviyatini yuksaltirishdan iboratdir, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova. – Shuningdek, Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish, she’rxonlik va kitobxonlik madaniyatini oshirish, yosh ijodkorlarni kashf etishdir.



“Yosh kitobxon oila” tanlovining viloyat bosqichida Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi Aripovlar oilasi mutlaq g‘olib, deb topildi.

Tanlovda 2-o‘rin Jizzax shahri sharafini himoya qilgan Zoidovlar oilasiga, 3-o‘rin esa G‘allaorol tumanidan kelgan Okanovlar oilasiga nasib etdi.

“Mushoira” tanlovida 14-19 yosh toifasida 1-o‘ringa Yangiobod tumanidan Bekzodjon Suvonqulov, 20-25 yoshlilar toifasida esa Arnasoy tumanida yashovchi Umidjon Qodirov sazovor bo‘ldi.

G‘oliblar tanlovning yakuniy bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.



G‘oliblarga pul mukofotlari, eng sara badiiy asarlar jamlanmasi taqdim etildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA