Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxlik talabalar referendumga faol qatnashadi
17:02 / 2023-03-29

Jizzax shahridagi “Sambhram” universiteti hovlisida “O‘zbekiston – yoshlar mamlakati” shiori ostida joriy yilning 30 aprelida o‘tadigan referendumga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan 5 ta oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Konstitutsiya bu bizning sha’nimiz, qadr qimmatimiz, mamlakat rivoji, ertangi istiqboli uchun xizmat qiladigan normalar majmuidir.  

Yangilanayotgan Bosh qomusimiz yurt rivoji, xalq faravonligi, ko‘p millatli o‘zbekistonliklarning tinch va farovon turmush kechirishi, yurtni taraqqiy etishi uchun kerak bo‘lgan zarur jihatlar uning moddalarida o‘z aksini topgan.

Yangilanyotgan Konstitutsiyamizda davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari keng ma’noda oydinlashtirilgan. Shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini aniq belgilab beradi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasidagi moddalar soni 128 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi Qomusda ularning soni 155 tani tashkil etib, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilmoqda. Qisqacha izoh berganda, amaldagi Konstitutsiyamizning 65 foiziga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu qomusdagi katta islohotni anglatadi.

Viloyatidagi faol talaba-yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan tadbirda yangilanayotgan Bosh Qomusimizda amalga oshirilgan o‘zgarishlar va ularning mazmun-mohiyati xususida bir qator fikr mulohazalar bildirildi.  

– Ko‘p yillardan buyon bolalar shifokori bo‘lib ishlayman, – deydi Jizzax viloyati bolalar shifoxonasi bosh shifokori, Senator Xolida Alimova. – Avvallari viloyatimizda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib bo‘lmasdi. Bunga sharoit yo‘q edi. Keyingi bir necha yil davomida Janubiy Koreyadan yuqori malakali mutaxassislar kelib viloyat  bolalar shifoxonamizda 30 ta murakkab jarrohlik amaliyotini amalga oshirdi. Bu mahalliy shifokorlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabini ham o‘tadi. Hozir bu jarrohlik amaliyotlari o‘zimizda bajarilmoqda. Bu bilan nima demoqchiman, inson omili, uning salomatligiga alohida e’tibor qaratilgan yangilangan Konstitutsiyamiz uchun o‘tadigan referendumda barchagizni faol ishtirok etishga va ovoz berishga chorlayman.

Shuningdek, tadbir davomida Jizzax shahridagi 7-sonli makatab direktori Ergash Jabborov, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi universitet talabasi, baxmallik Hosilmurod Abduxoliqov, respublika poytaxtidan taklif etilgan taniqli aktyor Alisher Uzoqov va boshqalar yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar xalqimizning turmush tarzini yanada yuksaltirishga, inson qadrini oshirib, Vatanimizni yangi bosqichda izchil rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etib, barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.  

Elimiz suygan san’atkorlar ijrosidagi konsert-shou tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari viloyatning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda.

A.QAYUMOV, O‘zA