20 avgust – Tadbirkorlar kuni
Jizzax shahridagi “Anjumanlar saroyi” bu gal yana bir tantanali va unutilmas marosimga guvoh bo‘ldi. 20 avgust — Tadbirkorlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan davlat mukofotlarini topshirish tadbiri viloyatning eng faol, ilg‘or va jonkuyar tadbirkorlarini birlashtirdi.
[gallery-24847]
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etib, tadbirkorlarni kasb bayrami bilan tabrikladi hamda viloyat taraqqiyotida ularning tutgan o‘rnini alohida e’tirof etdi:
— Siz, tadbirkorlarning fidoiy mehnati bilan viloyatimizda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Aholi bandligi ta’minlanmoqda, turmush farovonligi oshmoqda, chekka hududlar ham obod bo‘lib, ravnaq topmoqda.
Haqiqatdan ham, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti jadal rivojlandi. Davlatimiz rahbari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqot an’anasi ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashda samarali platformaga aylandi. Joriy yilda ham viloyatning barcha tumanlarida tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar o‘tkazilib, taklif va muammolarni tinglash hamda yechim topish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni vaqtda Jizzax viloyatida 15 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularda qariyb 185 ming nafar kishi mehnat qilmoqda. Xususiy sektorning yalpi ishlab chiqarishdagi ulushi 68,9 foizga yetdi. Bu raqamlar ortida insonlar taqdiri, turmush farovonligi va mahalliy ishbilarmonlarning fidokorona mehnati mujassam.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatga 700 million dollarga yaqin xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Bu esa iqtisodiy o‘sishning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Bugungi kunda viloyatda 4 953 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. 2025 yil davomida 285 million dollarlik mahsulotni dunyo bozorlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Bu muvaffaqiyatlarda o‘z hissasini qo‘shayotgan tadbirkorlardan biri — Zomin tumanidagi “Zomin Brewery” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Murabit Mahmudovdir. U Prezident Farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida viloyat rahbari Ulug‘bek Mustafoyev mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari