Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi va uning shahar-tuman inspeksiyalari xodimlari tomonidan “Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi” tamoyiliga ko‘ra yangicha – “tadbirkorbay” tizimi asosida manzilli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatning Sharof Rashidov tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor.
Xususan, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumanda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yangi ochilgan 438 ta tadbirkorlik sub’ektlarning yuridik manziliga borgan holda rahbar va hisobchilar bilan uchrashib, ularga hisobot taqdim qilish muddatlari va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Ishlashning yangicha – “tadbirkorbay” tizimi asosida faoliyat yuritgan tuman soliqchilari – 90 nafar tadbirkorning turli masalalardagi muammolarini joyida o‘rganib, “Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi” tamoyiliga ko‘ra ularning faoliyatlarini izchillik bilan olib borishlari uchun amaliy yordam ko‘rsatdi.
Jumladan, ushbu tumandan soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yosh tadbirkor Ixtiyor Ashurov rahbarligidagi “Shahzod mebel” xususiy korxonasi 2010 yilning 12 aprel kuni davlat ro‘yxatidan o‘tib, 5 nafar mahalliy yoshlarni yangi ish o‘rinlari bilan ta’minlagandi. Bugun bu kichik korxonada jahon andozalari talablariga javob beradigan yangi dizayndagi uy, idora ofislari, o‘quv muassasalari uchun bir necha turdagi mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Biroq, har qanday kichik yoki katta korxona tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar qanchalik sifatli va bejirim bo‘lmasin, uni ichki yoki tashqi bozorga chiqarish hamda mijoz topib sotishda yuqori tajribaga ega bo‘lmagan yosh tadbirkor pand yeb qolishi hech gap emas. Ana shu masalada tadbirkorlik borasida yetuk tajribaga ega bo‘lmagan Ixtiyor Ashurov va u rahbarligidagi “Shahzod mebel” korxonasi ham muammoga duch keldi.
– Sharof Rashidov tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ziyodulla aka Xudoyqulovning tashabbusi bilan inspeksiya xodimlari korxonamizga kelib, faoliyatimiz bilan yaqindan tanishib, o‘rganib chiqdi, – deydi yosh tadbirkor Ixtiyor Ashurov. – Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, chidamliligi va bejirimlikligiga ishonch hosil qilgach, ularni sotishda, mijozlar hamda buyurtmachilar topishda bizga katta yordam berdi. Soliqchilardan minnatdormiz.
Natijada bugun korxonaning o‘z mijozlari va buyurtmachilar soni ortib, ular nafaqat Sharof Rashidov, balki viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham kundan-kunga ko‘payib bormoqda.
Endilikda ushbu korxona mahsulot turi, sifati va miqdorini yanada oshirishni rejalashtiryapti. Bu esa yana qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratiladi deganidir.
“Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi”ligini Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida amalda guvohi bo‘ldik.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (suratlar) O‘zA