Jizzax viloyatida yoz mavsumida 102 yozgi dam olish oromgohida 9 ming 650 nafardan ortiq o‘quvchilar dam oldirilishi rejalashtirilgan. Shundan, 4 ming 125 nafar bola statsionar oromgohlarda, 5 ming 525 nafar bola sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb etiladi.
Jizzax viloyatida bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish va dam olishlari mavsumi joriy yilning 5 iyunidan boshlandi. Ayni paytda viloyat bo‘yicha tog‘ bag‘rida joylashgan so‘lim 10 ta statsionarning 9 tasi, sog‘lomlashtirish maydonchalarining esa barcha 92 tasi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, Forish tumani tog‘ bag‘ridagi “Zangori olov” statsionar bolalar yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi joriy yilning 12 iyunidan bolajonlarni qabul qiladi.
Baland tog‘larda joylashgan oromgohga bolalar yo‘l patrul xizmati xodimlari kuzatuvi ostida avtobuslarda xavfsiz ravishda, sog‘lomlashtirish go‘shalariga jo‘nab ketish oldidan esa birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, so‘ngra kuzatib qo‘yildi.

Oromgohlar va ularning atrofida jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek, mavsum davomida bolalarning salomatligini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida tibbiyot xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan.
Departament qoshida mavsum davomida ishlaydigan respublika va hududiy shtablar tuzilib, bolalarning oromgohlarga qabul qilinishi, mavsumning borishi to‘g‘risida kunlik operativ ma’lumotlar yuritilib, tegishli vazirliklar shtablariga va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borilmoqda.
2023 yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha viloyat komissiyasining joriy yil 12 apreldagi yig‘ilish bayoni qarori hamda respublika Ishchi guruhi tomonidan 2023 yilning 30-31 mart hamda 1 aprel kunlari o‘tkazilgan o‘rganishlari yakuni asosan oromgohlarning mavsumga tayyorgarlik holati yuzasidan aniqlangan kamchiliklar (obodonlashtirish, ta’mirlash, jihozlash) ni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berilib, har bir oromgohni mavsumga tayyorlash reja-grafik asosida amalga oshirildi.

Oromgohlarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus bo‘yicha yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini amalga oshirish uchun 5 turdagi musiqa asboblari, jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish maqsadida 12 ta sport turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish hamda sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida har bir statsionar oromgohga 500 donadan kam bo‘lmagan kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonalar tashkil etildi, zarur miqdordagi kompyuterlar bilan ta’minlandi.
Bu yilgi yoz mavsumida 10 ta shahar tashqarisida (statsionar) hamda ta’lim muassasalari qoshida 92 ta kunduzgi oromgohlar tashkil etilib, jami 9 ming 525 nafar jizzaxlik maktab o‘quvchilari dam olishlari va sog‘lomlashtirish maqsadida oromgohlarni mavsumga tayyorlash, ularni malakali pedagog-tarbiyachilar va yetakchilar bilan ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda yong‘in xavfsizligini, shuningdek, oromgohlarni mavsum davomida sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash yuzasidan mutasaddi tashkilotlar va korxonalar bilan shartnomalar tuzildi. Oromgohlar mavsumga to‘liq tayyorlanib, ta’mirlash, obodonlashtirish, zarur jihozlar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga mavsum davomida oromgohlarda faoliyat yuritadigan pedagog xodimlar, tarbiyachilar, yetakchilar, tibbiyot xodimlari ro‘yxati to‘liq shakllantirilib, ular belgilangan oromgohlarga xizmat safariga jo‘natildi.

Shuningdek, viloyatdagi 10 ta statsionar oromgohda 4 ming 125 nafar bolajonlarni dam oldirish uchun jami 5 milliard 260 million so‘m mablag‘ sarf-xarajat qilindi. Jumladan, 660 million so‘m ijtimoiy sug‘urta, 2 milliard 400 million so‘m Kasaba uyushmalari Federatsiya tasarrufidagi jamg‘arma mablag‘lari, 2 milliard 200 million so‘m ish beruvchi, kasaba uyushmasi va ota-onalar badallari hisobidan sarflandi.
Mavsum davomida oromgohlarda dam oluvchi bolalarning sog‘ligini nazorat qilish, zarurat tug‘ilganda tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘ladigan dori-darmonlar, shuningdek, ilon, qoraqurt, chayon chaqishiga qarshi zardoblar zaxirasi tayyorlab oromgohlarga to‘liq yetkazib berildi. Bundan tashqari, barcha shahardan tashqarida joylashgan statsionar oromgohlar mavsum davomida uzluksiz aloqa vositasi bilan ta’minlangan.
Xulosa qilib aytganda, Jizzax viloyatidagi 10 ta statsionar oromgoh va 92 ta sog‘lomlashtirish maydonchalarida bolajonlar yozgi dam olish ta’tillarini maroqli o‘tkazadi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA