Jizzax viloyat hokimligi Anjumanlar saroyida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tantanali tarzda o‘tkazildi. Unda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan fidoyi ayollar, mo‘’tabar onaxonlar, jamoatchilik faollari hamda iqtidorli qizlar ishtirok etishdi.
Tadbirni Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ochib, xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyoti, oila mustahkamligi va barkamol avlod tarbiyasidagi beqiyos o‘rnini alohida ta’kidladi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki, ilm-fan, tadbirkorlik, sport va madaniyat sohalaridagi faolligini qo‘llab-quvvatlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan imzolagan Farmoniga muvofiq, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh fidoyi opa-singillar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
[gallery-28062]
Quvonarlisi, ular orasida jizzaxlik faol va tashabbuskor ayollar ham bor. Jumladan, Sharof Rashidov tumanidagi “Zomin asali” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Zarifa Axmedova “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Uning tadbirkorlik sohasidagi samarali faoliyati, mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi.
Shuningdek, Respublika olimpiya va paralimpiya turlariga tayyorlash markazi talabasi Madina Muxtorova “Kelajak bunyodkori” medaliga sazovor bo‘ldi. Yosh sportchi o‘zining intilish va yutuqlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelmoqda.
Mahalla tizimidagi faolligi bilan tanilgan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Do‘stlik tumani bo‘limi boshlig‘i Malika Kudratova esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Uning aholi muammolarini hal etish, mahalla instituti nufuzini oshirish va jamoatchilik ishlaridagi faolligi munosib baholandi.
Bundan tashqari, iqtidorli yosh qizlar orasidagi yuksak yutuqlar ham davlat darajasida e’tirof etildi. Jumladan, Jizzax davlat pedagogika universiteti 2-bosqich talabasi Visola Tursunova va O‘zbekiston Milliy universiteti tabiiy geografiya kafedrasi mudiri Muhsina Jo‘raboyevalar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda ayollarning ilm-fan, tadbirkorlik, davlat boshqaruvi, sport va jamoatchilik hayotidagi ishtiroki izchil ortmoqda. Ular o‘z mehnati, bilim va tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishmoqda.
Bayram tadbirining badiiy qismi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari