Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxlik ayollar referendumda faol ishtirok etadi
09:00 / 2023-04-28

Jizzax shahri qir-adirliklaridagi go‘zal tabiat qo‘ynida joylashgan “Navro‘zbuloq” dam olish majmuasida “Ayoli e’zozlangan yurt” shiori ostida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbir avvalida, san’at va sport sevar yoshlarning badiiy va ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etilib, sahnada yangragan jozibador kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashgan bo‘lsa, musaffo osmon sari uchirilgan rang-barang, turli shakldagi, biri-biridan jimjimador, maftunkor varraklarning havoda parvoz etishi yig‘ilganlarning hayratiga sazavor bo‘ldi. Sahna atrofidan joy olgan mahalliy tadbirkor, hunarmand, chevar jizzaxlik xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan, tayyorlangan va yaratilgan milliy mahsulotlar, hunarmandchilik asarlari ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.  

Joriy yilning 30 aprelida o‘tadigan umumxalq referendumiga bag‘ishlab “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki!” deb nomlangan ushbu targ‘ibot tadbiri va “galla-konsert” dasturi namoyishiga viloyatda faoliyat olib borayotgan eng faol ayollar, sport, san’at, fan va adabiyotda yuqori natijalarga erishayotgan xotin-qizlar, respublika “Oqila ayollar” harakati a’zolari, mehnat faxriylari, O‘zNNT markazlari vakillari, olima hamda huquqshunos ayollar va umuman  mingdan ortiq jizzaxlik opa-singillar, onaxonlarimiz hozir bo‘ldi.  

Tadbirni Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Muxtorova ochdi. Tadbirda faol ishtirok etayotgan barcha xotin-qizlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

– Hurmatli opa-singillar, onajonlar, viloyatimizning eng faol, oqila va dilbar ayollari. Barchangizni bugun mana shunday yorqin, go‘zal bahorga xos bahavo kunlarda, ko‘rkam, go‘zal va betakror tabiatning o‘ziga xos fusunkorlik kashf etuvchi “Navruzbuloq” dam olish majmuasida faol tarzda ko‘rib turganimdan benihoya xursandman va barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Joriy yilning 30 aprel kuni o‘tadigan umumxalq referendumida, xotin-qizlarimiz haq-huquqlari mukammal tarzda himoya qilinishi kafolatlangan Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi, ya’ni porloq kelajagingiz, farzandlaringiz yorqin kelajagi, oilangiz xotirjamligini ta’minlovchi isloh etilgan Bosh qomusimiz uchun ovoz berishda bugungidan-da faol ishtirok etishingizga ishonaman, – dedi Nazira Muxtorova.

Targ‘ibot tadbiri davomida respublika “Oqila ayollar”harakati a’zosi, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafoyeva, Jizzax davlat pedagogika universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, huquqshunos Zumrad Sodiqova, Jizzax shahar “Olmazor” MFYda yashovchi Nargiza Qorajonova va boshqalar, yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida atroflicha tushunchalar berib, xotin-qizlarga hukumatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, berilayotgan keng imkoniyatlar, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar xususida atroflicha to‘xtalib, joriy yilning 30 aprel kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tadigan umumxalq referendumida o‘zlari, barcha oila a’zolari va qo‘ni-qo‘shnilari bilan faol ishtirok etishga chorladi.  

[gallery-11615]

Tadbir davomida yangragan Vatan, bahor, ayol, sevgi va muhabbat haqidagi sehrli qo‘shiq, sho‘x kuy, jozibali raqslar “Ayoli e’zozlangan yurt” shiori ostida o‘tgan targ‘ibot tadbiri ishtirokchilarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

A.QAYUMOV,

J.YORBEKOV (surat), O‘zA