Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida ko‘p yillardan buyon istiqomat qilib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.
O‘zbekistonda fuqarolik masalalariga oid qonunchilik takomillashtirilib, ko‘plab insonlarning azaliy orzu-niyatlari ro‘yobga chiqmoqda va shu kunga yetganlari ularga olam-olam quvonch, shodlik hadya etayotir.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinishi ularga nafaqat konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklar kafolatini ta’minlaydi, balki ishonch ham bag‘ishlaydi.

Mamlakatimiz fuqaroligini olganlar orasida Sharof Rashidov tumanida 15 yildan buyon yashab kelayotgan Feruz Alizoda ham bor.
– 15 yil deganda men ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldim va bundan xursandman, – deydi mamlakatimiz fuqaroligini qo‘lga kiritganlardan biri Feruz Alizoda. – Endi men ham, barcha qo‘ni-qo‘shnilarim, do‘stu birodarlarim bilan bir safda Prezident saylovida qatnashib, o‘z fuqarolik burchimni ado etaman.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA