Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxlik 103 nafar o‘quvchi muddatidan oldin talaba bo‘lgan
15:39 / 2023-05-25

Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat rahbari mamlakatimiz Prezidentining bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Ayni paytda, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida 155 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ulardan 18 nafari mustaqil hayot sari uchirma bo‘ldi. Bitiruvchilarning uch nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan.  

– Men xorijdagi oliy ta’lim muassasalaridan biriga kirib o‘qish huquqini qo‘lga kiritganimdan juda baxtiyorman, – deydi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi 11-sinf bitiruvchisi Aziza Hamidolimova. – Prezidentimizning bizga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari samarasida men kabi xorijda o‘qish huquqini qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning barcha sarf-xarajatlari davlat tomonidan to‘lab berilishi, bizni kelajakda Vatanimiz, xalqimiz, shu yurt ravnaqi uchun astoydil mehnat qilishimizga undaydi va men bu e’tiborni oqlashga va’da beraman.

[gallery-12056]

Ijod maktabida samarali mehnat qilgan o‘qituvchi va a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.  

Xuddi shunday “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida  ham bo‘lib o‘tdi.

– Viloyatimizdagi 555 ta umumta’lim maktabida jami 261 ming 616 nafar, yana 12 ta ixtisoslashgan maktablarda 4 ming nafarga yaqin o‘quvchilar tahsil olmoqda, – deydi Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva. – Joriy o‘quv yilida 16 ming 880 nafar  o‘quvchi 11-sinf, 22 ming 677 nafar o‘quvchi 9-sinfni  bitirmoqda. Ularning 549 nafari maktabni oltin medal bilan tamomlayotgan bo‘lsa, 118 nafar o‘quvchi kumush medalga loyiq topildi. 12 ta ixtisoslashgan maktabimizning 323 nafar 11-sinf bitiruvchilarining barchasi mamlakatimiz va xorijdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish istagini bildirgan.

Yana bir quvonarli tomoni, jami umumta’lim va ixtisoslashgan maktablarning 11-sinf bitiruvchilaridan 103 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.

A.QAYUMOV,

J.YORBEKOV (surat), O‘zA