Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxga tashrif samarali bo‘ldi
19:23 / 2023-04-25

Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Jizzax shahriga tashrif buyurdi. Mehmonlar “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyati negizida tashkil etilgan “Jizzax” kimyo-industrial texnoparki ochilish marosimida ishtirok etdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov va boshqalar so‘zga chiqib, inovatsion texnologiyalar asosida barpo etilgan ushbu “Jizzax” kimyo-industrial texnoparki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik samarasi ekanini alohida ta’kidladi.

Davlatimmiz rahbarining Jizzax va Toshkent viloyatlarida kimyo-sanoat texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga asosan, “Jizzax plastmassa” AJ hududidan joy tanlanib o‘tgan 2022 yilning oktyabr, noyabr va joriy yilning mart oylarida “Ximgrad” AJ va Rossiyaning boshqa kompaniyalari vakillari ushbu korxonaga kelib, Jizzax viloyatida kimyo-sanoat texnoparkini tashkil etish bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolanib, bir qator tashkiliy ishlarni amalga oshirgan edi.

Nufuzli mehmonlar “Jizzax” kimyo-industrial texnoparkida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanshtirilib, bu yerda mehnat qilayotgan yoshlar bilan muloqotda bo‘ldi va yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.  

Ta’kidlash joizki, “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizdagi polietilen quvurlar, plyonkalar va keng turdagi xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradigan yirik korxona hisoblanib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar milliy va xalqaro standartlarga to‘laligicha mos keladi.

Shundan so‘ng mehmonlar Qozon federal universitetining Jizzax filialidagi tibbiy ta’lim markazini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda talabalarga yaratilgan shart-sharoit va bilim olish hamda amaliyot jarayonlari yuqori darajada ekanligini ta’kidladi. Shuningdek,  Tatariston Respublikasi raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Jizzax shahridagi “Sambhram” universiteti hamda futbol mahorat maktabida ham bo‘lib, oliygoh talabalari va FMM tarbiyalanuvchilari bilan o‘zaro suhbat qurdi.

Jizzax shahridagi “NEW LAND” MCHJ tikuvchilik korxonasiga ishchi va xizmatchilar uchun yaratilgan qulayliklar, “Farali” brendi ostida chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar namunalari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otganini yashirmadi. Shuningdek, Tatariston raisi Rustam Minnixanov va delegatsiya vakillari Jizzax shahridagi “Olmazor” mahallasida barpo etilgan ko‘p qavatlik turur joylardagi aholiga yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishtirilib, bu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Tatariston raisi Jizzaxga tashrifi chuqur taassurot qoldirganini ta’kidlab, mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zaro hamkorlik izchil davom etishiga ishonch bildirdi.  

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA