Jizzax shahrida jamoat transporti tizimini kompleks rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlarini ko‘rsatish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida zamonaviy avtobuslar olib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 25 martdagi “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatda bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning mart oyida “Jizzax oriyent trans”xususiy korxonasi tomonidan 30 dona Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan “Zhong tong”rusumli avtobuslar olib kelingani va Jizzax shahridagi ichki yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat qilayotgani haqida avval xabar bergan edik.

Bu gal “Jizzax Avtotrans Servis”mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoyda ishlab chiqarilgan “ANKAI” rusumli 8 dona yo‘lovchilar uchun har tomonlama qulaylikka ega va xavfsiz yo‘lovchi tashuvchi transport vositasi –yangi avtobuslar olib kelindi.
Yangi olib kelingan ushbu avtobuslar Jizzax shahar ichki yo‘nalishlariga brutto-shartnoma asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Ma’lumot o‘rnida: brutto-shartnoma tizimi – yo‘nalishlarda cheklangan tariflarda yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomadir.
A.Qayumov, O‘zA