Jizzax viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Jizzax viloyatining turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va qishloqlarida turizm sohasi ob’ektlari” mavzusida press-tur tashkil etildi.
Viloyatda ichki turizmni rivojlantirish va sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” sayohat yo‘nalishi ishlab chiqilgan. Bu yo‘nalishda viloyatdagi yuzta ziyorat va tarixiy ob’ekt, 1 ta madaniy ko‘ngilochar ekopark, 5 ta tog‘li va o‘rmon xo‘jaliklari, 45 ta gastronomik ekoagroturizm ob’ekti, 677 ta hunarmandchilik ustaxonasi va boshqa turizm ob’ektlari bor. Ishtirokchilarga shu haqida ma’lumot berildi.
Viloyatga joriy yil o‘tgan davrida 2019 yilga nisbatan 15 barobar ko‘p, ya’ni 1 million 406 ming nafar, shu jumladan 7 ming 800 nafar (bu 2017 yildagiga nisbatan 3 barobar ko‘p) xorijiy va 1 million 398 ming nafar (2017 yilga nisbatan 40 barobar ko‘p) mahalliy sayyohlar kelgan.
Xorijiy sayyohlarning asosiy qismini Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil, AQSH, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlar fuqarolari tashkil etgan.
2021 yil va joriy yil o‘tgan davrida 23 milliard 700 million so‘mlik 12 ta loyiha, shu jumladan, 7 ta yangi mehmonxona va 5 ta dam olish, sog‘lomlashtirish markazi ishga tushirildi. Ushbu ob’ektlarda 105 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Joriy yil uchun hududiy investitsiya loyihalari dasturiga umumiy qiymati 367 milliard so‘m bo‘lgan, shundan 257 milliard 55 million so‘mi tashabbuskor mablag‘lari, 43 milliard 290 million so‘mi bank kreditlari, 66 milliard 180 million so‘mi xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobidan 13 ta loyiha kiritildi, mazkur loyihalar amalga oshirilishi samarasida 297 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida joriy yilning 1 sentyabr holatiga umumiy qiymati 18 milliard 360 million so‘mlik 4 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi, 33 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
– Sayyohlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida viloyatda joylashtirish ob’ektlari soni 226 taga yetkazildi, – deydi Jizzax viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nozim Usmonov. – Jumladan, 31 ta 572 xonadan iborat 1 ming 83 o‘rinli mehmonxona, 434 xonali 1 ming 250 o‘ringa mo‘ljallangan 142 ta oilaviy mehmonlar uyi, 2 ming 904 o‘ringa mo‘ljallangan 977 xonali 20 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish maskani, 178 xonadan iborat 702 o‘ringa mo‘ljallangan 20 ta kemping majmuasi, 284 o‘ringa mo‘ljallangan 106 xonali 13 ta xostel faoliyati yo‘lga quyilgan bo‘lib, ulardagi jami xonalar soni 2 ming 267 tani, o‘rinlar soni esa 6 ming 223 tani tashkil etayotir.
[gallery-8948]
Sayyohlarga viloyatdagi 13 nafar tur-operator, xuddi shuncha gid-tarjimon va 13 ta sayyohlik firmasi, 2 ta turistik sinfga mansub avtobus va 30 ta mikroavtobus turizm xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Shu bilan birga sayyohlar uchun 7 ta turizm axborot markazi va 172 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi faoliyat yurityapti.
Tadbir ishtirokchilari davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov muzeyida bo‘lib, adibning mamlakatni boshqargan yillari davomida yurt ravnaqi va el farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ishlari, ijodiy faoliyati davomida yaratgan asarlari, xalqlar do‘stligini mustahkamlashdagi o‘rni aks etgan eksponatlar bilan tanishdi.
Jizzax shahridagi “Islom ota” choyxonasida dunyoga mashhur Jizzax somsasining tayyorlanish jarayonining guvohi bo‘lishdi. So‘ng Jizzax viloyatining eng chekka Forish tumani hududidagi Aydar-Arnasoy ko‘llari qirg‘oq bo‘yida barpo etilgan “Oxus-adventure” dam olish maskanida bo‘lib, u yerda sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rdi.
– Umumiy loyiha qiymati 4 milliard so‘mlik bo‘lgan “Oxus-adventure” dam olish maskani 2015 yilda tashkil topgan bo‘lib, 6 ta doimiy, 10-12 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan, quruqlikdagi umumiy maydoni 150 gektardan iborat, – deydi dam olish maskani ish yurituvchisi Ubaydulla Musoboyev. – Majmuada bir vaqtning o‘zida 60 kishi dam olishi mumkin bo‘lib, 2 va 3 kishilik 12 ta kemping, 3-4 kishilik 8 ta o‘tov mavjud.
Ammo Forish – Nurota avtomobil yo‘lidan Aydar-Arnasoy ko‘llari bo‘yida joylashgan “Oxus-adventure” dam olish maskaniga eltuvchi 20 kilometrdan ortiq chang yo‘ldan borish ko‘ngilni biroz xira qiladi. Turizmni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar davomida bu muammoga mutasaddilar albatta, yechim topadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA