Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 martdagi “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus” ijrosiga bag‘ishlab tashkil etilgan forumda 2 mingga yaqin yigit-qiz ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Jizzax shahri yoshlarining ijod namunalari, loyihalari, innovatsion ishlari va turli sohalarda erishgan yutuqlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Forum doirasida shahar bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarka doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada namoyish etilgan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi korxonalar mahsulotlari, yangi ish boshlagan avtomobil zavodining avtomobillari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-1869]
Forumda Jizzax shahar hokimligi tomonidan ta’lim muassasalariga 400 million so‘mlikka yaqin musiqa asboblari, 136 nomdagi 2 mingga yaqin kitoblar hamda turli xildagi sport anjomlari topshirildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 50 nafar talabaning shartnoma pullari to‘lab berildi. “Yoshlar jamg‘armasi” tomonidan 6 nafar vaqtincha ishsiz yigitga kam foizli bank krediti asosida yuk mototsikllari topshirildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari, ko‘rgazmali chiqishlar, intellektual o‘yinlar, tanlov va viktorinalarda yoshlar faol ishtirok etdi. Faol ishtirokchilar shahar hokimligi mukofotlari bilan taqdirlandi.
Forum viloyat badiiy jamoalari konserti bilan yakunlandi.
T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA