O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi Jizzax shahrida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Uch kilometrlik masofaga yugurish musobaqasi ertalab soat 6:30 da Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” sport majmuasi oldidan start olib Sharof Rashidov xiyobonida yakunlandi.
Shu o‘rinda, an’anaviy tarzda muhim davlat sanalari va xalqaro sport tadbirlariga bag‘ishlab tashkil etilayotgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqalari Vazirlar Mahkamasining “2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida” gi qarori doirasida mamlakatda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish hamda aholini sog‘lom turmush tarziga jalb etish maqsadida qabul qilingan keng ko‘lamli davlat dasturining ijrosiga yaqqol misol bo‘la olishini ta’kidlash joiz. “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasida 5 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 4 mingga yaqin jizzaxlik havaskor va professional sportchilar ishtirok etdi.
Start chizig‘iga Jizzax viloyati yoshlar ishlari agetligi, sportni rivojlantirish ishlari, viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari, ichki ishlar, Milliy gvardiya, maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mudofaa ishlari boshqarmalari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, viloyat OITSga qarshi kurash markazi, nogironlar jamiyati kabi tashkilotlar vakillari jam bo‘ldi.
– Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu musobaqada 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan jizzaxliklar faol ishtirok etdi, – deydi Jizzax viloyati yengil atletika terma jamoasi bosh murabbiyi, musobaqa bosh hakami Alisher Tolipov. – Yugurishga kelganlar orasida hatto bog‘cha bolalari, umumta’lim maktablari, kollejlar, texnikumlar o‘quvchilari, viloyatdagi 5 ta oliy ta’lim muassasalari talabalari, uyushmagan yoshlar, Markaziy harbiy okrugi Jizzax garnizoni, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilari, oilasida nogironligi bo‘lgan, jumladan, zaif eshituvchi, ko‘zi ojiz, tug‘ma nuqsoni bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham faol qatnashganlari tahsinga loyiq.
Erta bilan soat 6:30 da yugurish musobaqasiga “So‘g‘diyona” sport majmuasi oldidan butun mamlakatimizda bir vaqtda start berildi va barcha musobaqa ishtirokchilari viloyat yo‘l harakati xavfsizligi hamda sog‘iqni saqlash boshqarmalari xodimlarining kuzatuvida Sharof Rashidov shoh ko‘chasi bo‘ylab o‘tib, Sharof Rashidov xiyobonidagi marraga yetib keldilar.
Ushbu xiyobonga harbiy orkestr sadolari ostida dastlab Miliy gvardiya otliq askarlari hamda viloyat IIB JXX YHX xodimlari skuterchilari davlat bayrog‘larini baland ko‘targan holda kirib keldi. So‘ngra 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan sportsevarlar birin ketin finish chizig‘iga yetib kela boshladi.
“Yangi nafas” musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash marosimida Milliy gvardiyaning Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Lochinbek Yaxshilikov, Markaziy harbiy okrugi Jizzax gornizoni boshlig‘i, podpolkovnik Farrux Rasulov va boshqalar mamlakatimizning 16 shahrida, “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida o‘tgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi a’lo darajada tashkil etilib, jizzaxlik fuqarolar unda faol ishtirok etganini alohida ta’kidlab, barcha ishtirokchi va tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
– Musobaqaga xizmat vazifamni o‘tash bilan birgalikda tayyorgarlik ko‘rgan edim, lekin birinchi o‘rin ushbu bellashuvga menga nisbatan yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan talaba sportchiga nasib etdi, – deydi ikkinchi o‘rin sohibi, Mudofaa vazirligi markaziy harbiy okrug Jizzax gornizoni harbiy xizmatchisi Jo‘rabek Boltayev. – Sportning ushbu turi bilan harbiy xizmatga kelganimdan buyon shug‘ullanib kelaman. Har kuni ertalab 1, 3 va 9 kilometrga yugurib mashq qilaman. Tayyorgarliklarni yanada oshirib, kelgusi musobaqada birinchi o‘rinni egallashga harakat qilaman. Hozirda harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo va jahon chempionatlariga hozirlik ko‘ryapman. Jahon sport arenalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga va’da beraman.
[gallery-13412]
Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Bir Vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida o‘tgan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasida erkaklar o‘rtasida birinchi o‘rinni Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Shahobiddin Abduqayumov, xotin-qizlar o‘rtasida 1-o‘rinni Jizzax olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchisi Madina Xo‘rozova egalladi. Imkoniyati cheklangan fuqarolardan erkaklar o‘rtasida Sunnat Jumayev hamda xotin-qizlar o‘rtasida Jasmina Xo‘rozovalar g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasi o‘g‘il bolalardan Jizzax shahrilik 7 yoshli Imron Mamadiyorovga, qiz bolalardan G‘allaorol tumanidan 7 yoshli Zebuniso Mamasharipovaga, “Eng yoshi ulug‘ musobaqa qatnashchisi” nominatsiyasi erkaklardan Arnasoy tumanidan 70 yoshli Baxrulla Nurillevga, ayollardan Jizzax shahrilik Muqaddas Hosilmurodovaga nasib etdi. “Eng matonatli ishtirokchi” nominatsiyasi nogironligi bo‘lgan Baxriddin Bo‘riyevga nasib etdi.
G‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblari tashkilotchilarning diplom, medal, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA