Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxdagi sektorlar rahbarlari faoliyatiga bir nazar
10:55 / 2022-09-11

Xalq orasiga kirib borish, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning dardu tashvishlarini tinglash, muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish, mahallabay tizimida ish yuritish – Davlatimiz rahbari tomonidan tashkil etilgan 4 ta sektor va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.

Ushbu maqolamiz davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish, muammolarini hal etish borasida Jizzax viloyatining shahar va tumanlari sektorlari rahbarlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilayoganini yoritishga harakat qildik.

Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev o‘zi biriktirilgan 1-sektor hududidagi 6 ta mahallada istiqomat qilayotgan ijtimoiy ko‘makka muhtoj 45 ta oila farzandlariga yangi o‘quv yilining ilk haftasi davomida barchasiga bepul maktab formalari olib bergani tahsinga loyiq.

Shuningdek, tuman hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyati Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov bilan birgalikda “Do‘stlik” hamda “O‘xum” MFYlarning 2023 yilda infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar, ichki yo‘llarni ta’mirlash, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha aholi bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ldi, ularning bu boradagi fikr-mulohazalarini o‘rgandi.

Bundan tashqari, MFYlar aholisi tomonidan ko‘tarilgan 38 ta masalaning 12 tasi joyida bartaraf etildi, 5 ta murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi, qolgan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar berilib, ijrosi hokimning shaxsiy nazoratiga olindi.

Forish tuman prokurori, 2-sektor rahbari Ikrom Narziyev o‘zi mutasaddiligidagi Musoqul Orolov nomli mahalla fuqarolar yig‘ini(MFY)da yashovchi 1-guruh nogironi Mansur Suyunovning uy-joy ajratilishida yordam so‘rab qilgan murojaatini ijobiy hal qildi.

Ushbu murojaat tuman hokimligi, sektor rahbariyati va xalq deputatlari tuman Kengashi qoshidagi “Xalqparvar” komissiyasi a’zolari va deputatlar – Mansur Suyunov yashab turgan xonadonda bo‘lib, uning ijtimoiy ahvolini batafsil o‘rganib chiqdi va “Xonbandi” mahallasidagi tuman hokimligi balansida bo‘lgan uydagi xonadonlardan biri murojaatchiga ajratib berildi. Mansur Suyunov oilasi bilan shu xonadonga ko‘chirib kelinib, joylashtirildi va boshqa ijtimoiy ko‘maklar ham ko‘rsatildi.

Shuningdek, tuman pokurori – Musoqul Orolov nomli MFYda joylashgan 72-sonli umumta’lim maktabining yuqori sinf o‘quvchi qizlaridan tashkil topgan basketbol qizlar jamoasi “Umid nihollari – 2022” musobaqasining basketbol turi bo‘yicha viloyat bosqichida munosib ishtirok etib, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani uchun ana shu qizlar jamoasining har bir a’zosiga 1 donadan velosiped sovg‘a qilganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Tashpo‘latov hamda Forish tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sanjar Hafizov 4-sektor hududidagi “Qizilqum”, “Uchquloch” va “Xonbandi” mahallalarida aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi eng dolzarb muammolarni o‘rganish orqali 2023 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish bo‘yicha mahallabay tizimi bo‘yicha har bir mahallaga borgan holda, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin qizlar faoli, shuningdek, mahalla hududida joylashgan maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari, mahalla faollari bilan suhbat o‘tkazdi.

Mazkur mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan aholi taklif va istaklari o‘rganildi.

Shu tuman “Uchquloch” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yuqori Uchquloch” qishlog‘i aholisi elektr energiyasi kuchlanishi pastligi, qo‘shimcha transformator punkti o‘rnatish lozimligi yuzasidan ko‘targan murojaatini tegishli tashkilot bilan birgalikda hal etilishi yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi bo‘yicha aniq muddat belgiladi. Mahalladagi davolanishga muhtoj bo‘lgan 2 nafar bemor holidan xabar olinib, ularni bepul dori-darmon bilan ta’minlash va statsionar tarzda davolanishi uchun tibbiyot muassasasi bilan barcha amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi.

G‘allaorol tumani hokimi, 1-sektor rahbari J.Oqboyev “Moltob” va “G‘o‘bdin” mahallalarining uyushmagan yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
 

Hokim va yoshlarning samimiy muloqot ko‘rinishida o‘tgan uchrashuvida uyushmagan yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish va yoshlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhakoma qilindi. Tuman hokimi yoshlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlardan unumli foydalanish bo‘yicha ularga o‘z maslahatlari va takliflarini bildirdi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlarida omad tiladi.

Bundan tashqari, tuman hokimi eng chekka hududlardan biri “Qipchoqsuv” MFYda yangidan qurilgan mahalla binosining qurilish hamda hududdagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, mahalla binosini go‘zal maskanga aylantirish yuzasidan o‘z maslahat va takliflarini berdi.

[gallery-8735]

G‘allaorol tumani prokurori, 2-sektor rahbari S.Razzakov o‘zi biriktirilgan hududidagi “Qashqabuloq” MFYni 2023 yilda infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazib, mahallani 2023 yilda infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtaldi, qishloq oqsoqollari va ishchi guruh bilan birgalikda ko‘chalarni ko‘zdan kechirdi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha aholi fikrlarini o‘rgandi.

Zomin tumani prokurori, 2-sektor rahbari H.Abdullayev viloyat prokuraturasi vakillari bilan birgalikda hududdagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashib, mahalla ko‘chalariga beton yo‘l yotqizish, ko‘priklarni ta’mirlab berish, aholi massivlarini o‘zaro bog‘lovchi ko‘prik bunyod etish, ish bilan ta’minlash, ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabi murojaatlarni tingladi. Ushbu murojaatlar ijrosi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, shu masalalar bo‘yicha har bir mutasaddi tashkilotga vazifalar yuklatildi, ijrosi yuzasidan aniq muddat belgilandi va ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Zarbdor tuman hokimi, 1-sektor rahbari Zafar Ruziyev o‘quv yilining ilk haftasida “Toshkesgan” MFYdagi “Nayman” qishlog‘ida yashovchi, yakka tartibda uyida ta’lim oluvchi bolalikdan nogiron Mansurbek Umurzoqovga darsliklar, maxsus doska va boshqa zarur o‘quv qurollari yetkazib berdi. Shu mahalladagi nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olib, “Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi” tomonidan ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan xonadonlarning har biriga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdi. “Nayman” qishlog‘i aholisi uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida olib kelingan ko‘chma tibbiyot punkitini o‘z vaqtida ishga tushirish va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Jizzax viloyat, shahar, tuman sektorlari rahbarlarining mahallabay ishlash tizimida amalga oshirayotgan va oshirmayotgan ishlari haqida keyingi maqolalarida yana to‘xtalamiz.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA