“Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida Jizzax shahrining “O‘rda” istirohat va dam olish ekologik bog‘ida xalqimizning suyukli ayyomi – Navro‘z tantanalariga bag‘ishlangan bayram tadbirlari 20 mart kuni erta tongdan boshlanib kechgacha davom etdi.
To‘rt faslni teng va betimsol qilib bergan yurtimizga bahorning go‘zal shukuh, toza nafaslari ila sog‘intirib kelishi borliqqa o‘zgacha latofat baxsh etib turibdi. Qahraton qahrini sindirib, ayamojuz sovug‘ini yumshatib, zamin ko‘rpasini ko‘tarib chechaklarning kulib turishi, bog‘larda bodom va o‘riklarning gullashi bunyod etilayotgan Yangi O‘zbekistonga yangi kun — Navro‘z kirib kelganidan darak bermoqda.
Yer ostidagi ildizlar bahorning iliq yomg‘ir suvlaridan qonib ichmoqda, nihol va novdalarda hayot uyg‘onmoqda. Har bir maysa, har bir giyohda yashashga, yasharishga ishtiyoq ortayotganini har bir o‘zbekistonlik sezib, his etib turibdi. Tog‘-toshlarga urilib tushayotgan suvlarning shildirashi, bahor nasimining mayin sasi, gullar atrofida parvona bo‘layotgan asalarilarning g‘uvillashi, shoxdan-shoxga sakrab quvnoq chah-chah urayotgan qushlarning ovozi bir bo‘lib tabiat simfoniyasini yaratmoqda. Bu kuy zamondoshlarimiz qalbida o‘zgacha tuyg‘ularni uyg‘otib, bugungi kuniga shukronalik keltiradi.
Navro‘z ming yillar davomida kishilarda ona Vatanga muhabbat, zamin va tabiatni avaylab asrash tuyg‘usini tarbiyalagan, poklikka undagan. Qadimda kun va tun teng bo‘lgan pallada ajdodlarimiz ko‘cha, mahallalarni tozalagan, daraxt ko‘chatlari ekkan. Qabristonlarni obod qilib, o‘tganlar ruhini shod etgan. Bemorlar, keksalar holidan xabar olish, yo‘qsillarga yordam ko‘rsatish odamiylikning eng oliy mezoni bo‘lgan. Zero, Navro‘z odamlarni ezgu ishlarga da’vat etgan, qalblarni yaxshi tilak, his-tuyg‘ularga to‘ldirgan, mehr-oqibatli bo‘lishga undagan.
Jizzax shahridagi “O‘rda” ekobog‘ida barpo etilgan muhtasham amfiteatr mehnat faxriylari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, talaba va o‘quvchi-yoshlar, Belorus, Rossiya, Hindiston va boshqa davlatlardan kelgan xorijiy mehmonlar bilan to‘ldi.
Viloyat hokimi Ergash Saliyev jizzaxliklarni va barcha tadbir ishtirokchilarini Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etib, viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatgichlar haqida so‘z yuritdi.
– Navro‘zning yana bir tengsiz xususiyati yaratuvchanlikdir, – dedi viloyat hokimi o‘z tabrik nutqida. – Shu kunlarda dehqonlarimiz oqsoqollardan oq fotiha olib, dalaga otlanishadi. Belni mahkam bog‘lab, ko‘klam quyoshining nurlaridan bahra olgan zaminga umid bilan baraka urug‘ini qadaydilar. Joriy yilda asosiy e’tibor oziq-ovqat va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga qaratiladi. Paxta va boshqa ekin maydonlardan qisqartirilgan 7 ming 226 gektar yer fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yuritishi uchun ajratib beriladi. Ushbu maydonlarda 105 gektar kartoshka, 2 ming 608 gektar poliz, 569 gektar sabzavot, 3 ming 454 gektar dukkakli, 491 gektar moyli ekinlar ekilishi hisobiga 2 ming 604 tonna kartoshka, 14 ming 132 tonna sabzavot va 62 ming 626 tonna poliz, 5 ming 201 tonna dukkakli, 1 ming 142 tonna moyli ekinlar hosilini olish rejalashtirilgan.
Lalmi maydonlarda 671 ta tik quduqlar qazilib suv chiqarish orqali 21 ming 611 gektar yangi yerlar o‘zlashtiriladi. Bu yerlarda 1 ming 46 gektar poliz, 379 gektar sabzavot ekinlari ekilib, 6 ming 822 tonna sabzavot va 21 ming 413 tonna poliz mahsulotlari hosili olinadi. 4 ming 322 nafar ishsiz aholi ish bilan ta’minlanadi. 2022 yil hosili uchun ekilgan 93 ming 500 gektar suvli g‘alla maydonlarida qo‘shimcha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish hisobiga don ishlab chiqarishni yana 15 foizga ko‘paytirilib, jami 792 ming 500 tonna hosil ishlab chiqarishga ermshilishi nazarda tutilgan.
Joriy yilda viloyatda investitsiya dasturi doirasida 319 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish uchun 12 trillion 500 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari sarflanadi. Jumladan, hududiy dasturga ko‘ra 8 trillion 500 milliard so‘mlik 309 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 8 ming 878 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 4 trillion so‘mlik 10 ta loyiha asosida 2 ming 175 ta ish o‘rni barpo etiladi.
Asosan agrar sohaga ixtisoslashgan viloyat sanoatini rivojlangan hududga aylantirish jizzaxliklarning bosh vazifa bo‘lib, sanoat sohasida 101 ta loyiha rejaga kiritildi, unga 10 trillion 900 milliard so‘m investitsiya mablag‘i yo‘naltiriladi. Yaratiladigan ish o‘rinlari ham shu sohada 7 ming 892 tani tashkil etadi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida 124 ta loyihaga 693 milliard 300 million so‘m, qishloq xo‘jaligi sohasida 94 ta loyihaga 842 milliard 200 million so‘mlik mablag‘ yo‘naltiriladi.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida” gi qaroriga asosan joriy yilda 21 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 393 million 700 ming AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish belgilab berilgan. Ana shu loyihalar zamirida minglab ish o‘rinlari yaratish, viloyatning eksport salohiyatini ko‘tarish kabi ezgu maqsadlar mujassam. Shu o‘rinda ta’kidlash joiz aholini doimiy va mavsumiy ish bilan band qilish maqsadida joriy yil oxirigacha 234 ming 102 ta ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 yanvardagi “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzil-masini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan viloyatda 866 milliard 400 million so‘m hisobiga 144 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan. Aholi yashash sharoitini yaxshilash, zamonaviy arxitektura asosida turar joy binolari qurish, ularga kommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazish maqsadida joriy yilda Sharof Rashidov tumani “Oqtosh ota” mahallasi hududida 41,3 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivida 14 ta 16 qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu massivdagi bunyod etiladigan yangi xonadonlarga 1 ming 120 ta oila ko‘chib kirishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, joriy yilda shahar va tumanlar hududlaridagi 9 ta massivlarda 44 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Aholi salomatligini saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash, ta’lim tizimi, sport, turizm, ijtimoiy va boshqa sohalarni rivojlantirishda ham ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilishi belgilangan.
Amfiteatrda taniqli san’atkorlar, viloyat iqtidorli yoshlari, folklor etnografik xalq ansambllari, badiiy havaskorlar, milliy markazlarning konsert dasturi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. So‘ngra “O‘rda” ekobog‘i uzra viloyatning barcha shahar va tumanlari, korxona, tashkilot, muassasalari tomonidan tashkil etilgan Navro‘z sayli boshlandi.
Bayram nishonlanayotgan har bir hududda milliy urf-odatlarimizga muvofiq dasturxon bezatilib, Navro‘zning asosiy taomi sumalak, ismaloq sosma, ko‘k chuchvara, pidinali qatiqli osh, qoqi burak, qozon patir va boshqa ko‘plab bahoriy taomlar dasturxonlarga tortildi.
Ushbu Navro‘z bayrami tadbirlarida milliy xalq o‘yinlari, chillik, yelkada kurash, quloq cho‘zma, mindi, besh tosh, tosh ko‘tarish, milliy kurash, arqon tortish va boshqa sport musobaqalari, varrak uchirish bellashuvlari uyushtirildi. Turli-tuman karusel, bouling va boshqa ko‘ngil ochar attraksionlar bolajonlar kulgusiga to‘ldi. Jizzax shahridagi “O‘rda” bog‘ida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan ertalab boshlangan xalq sayli kechgacha davom etdi.
[gallery-6244]
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA