Jizzax viloyatida joylashgan “BYD Uzbekistan Factory” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi mamlakatimiz avtomobil sanoati tarixida ilk bor muhim xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Zavod Xitoyning dunyodagi eng yirik elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri — BYD’ning korporativ “Star Rating” baholash tizimiga muvofiq, Xitoydan tashqarida dunyodagi birinchi “uch yulduzli zavod” maqomini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumki, BYD kompaniyasi bugungi kunda nafaqat Xitoyda, balki Braziliya, Tailand, Turkiya, Vengriya kabi bir qator davlatlarda ham yirik avtomobil ishlab chiqarish korxonalariga ega. Jumladan, Braziliya va Turkiyadagi zavodlar kompaniyaning Lotin Amerikasi hamda Yevropa bozorlariga chiqishida muhim strategik ahamiyat kasb etadi. Ana shunday yirik xalqaro ishlab chiqarish maydonlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan, aynan Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” korxonasining Xitoydan tashqarida birinchi bo‘lib “uch yulduzli zavod” maqomiga erishgani ushbu qo‘shma korxonaning nufuzi va salohiyatini yaqqol namoyon etadi.

“Star Rating” reytingi BYD kompaniyasi tomonidan joriy etilgan ichki korporativ baholash tizimi bo‘lib, u zavodlarni ishlab chiqarish sifati, texnologik jarayonlar, boshqaruv samaradorligi, mehnat intizomi hamda sifat menejmenti tizimi bo‘yicha kompleks tarzda baholaydi. “BYD Uzbekistan Factory” mazkur tizim doirasida o‘tkazilgan ikki bosqichli auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, belgilangan talablarga to‘liq javob bergani rasman tasdiqlandi.
Audit natijalariga ko‘ra, korxonada avtomobil ishlab chiqarishda muhim hisoblangan xalqaro IATF 16949 sifat standarti talablari to‘liq joriy etilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari BYD’ning korporativ standartlariga qat’iy muvofiq ravishda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu zavodda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning barqaror sifati, texnik ishonchliligi va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “uch yulduzli zavod” maqomi BYD’ning ichki reyting tizimida o‘rtacha yuqori darajani anglatadi. Bu esa korxona faoliyatining barqaror, samarali va xalqaro talablarga to‘liq javob berayotganini ko‘rsatadi. E’tiborli jihati shundaki, Jizzaxdagi korxona ushbu maqomga Xitoy Xalq Respublikasidan tashqarida joylashgan BYD zavodlari orasida birinchi bo‘lib erishdi.
– Bu natija jamoamiz mehnatining amaliy samarasidir, – deydi “BYD Uzbekistan Factory” MCHJ qo‘shma korxonasi bosh direktori Azizbek Muhiddinov. – Erishilgan yutuq bizga nafaqat faxr, balki mas’uliyat ham yuklaydi. Oldimizda yangi modellarni o‘zlashtirish, eksport hajmini oshirish, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish hamda xizmatlar sifatini yanada yaxshilash kabi muhim vazifalar turibdi.

Ayni paytda “BYD Uzbekistan Factory” korxonasi yiliga 50 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvati bilan faoliyat yuritmoqda. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish, yangi modellarni o‘zlashtirish hamda eksport geografiyasini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu esa korxonaning nafaqat ichki bozorda, balki Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalarda ham raqobatbardosh mahsulot yetkazib beruvchi yirik sanoat markaziga aylanishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur xalqaro e’tirof korxona uchun yangi strategik imkoniyatlarni ochadi. Xususan, xalqaro bozorlarga chiqishni jadallashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun mustahkam zamin yaratadi. Shu orqali Jizzaxdagi BYD zavodi nafaqat hudud, balki butun mamlakat avtosanoati rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA