Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxdagi 169 ta jome masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qildi
08:30 / 2024-06-16

Jizzax viloyatidan 640 nafarga yaqin yurtdoshlarimiz Saudiya Arabistonida Haj amallarini bajarmoqda. Viloyatdagi 169 ta jome masjidida 42 mingdan ortiq jizzaxliklar Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib ado etdi.

Ozod, obod va tinchlik hukumron jonajon Vatanimizda musulmonlarning emin-erkin ibodat qilishlari, o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jannatmakon yurtimizning barcha viloyatlari kabi Jizzaxda ham Qurbon hayiti namozini ko‘tarinki ruhda ado etish uchun jome masjidlar jamoasi, huquq-tartibot idoralari, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar, jamoat transporti xizmati va nodavlat tashkilotlari xodimlari namozxonlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga alohida e’tibor qaratgan.

Qurbon hayit namozi o‘qilgan jome masjidlarning imomlari Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakatimizning barcha musulmonlari va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigi xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. Tinch va osuda yurtda yashayotgani, xotirjam ibodatlar qilayotgani, yurt boshiga oqil, xalqparvar rahbarni ato etganligi uchun Allohga behisob shukurlar aytildi. Shuningdek, har bir jome masjid imomlari Qurbon hayiti bayrami tarixi, muqaddas Islom dini buyurgan ibodatlar, mamlakatimizda ushbu din rivoji, ma’naviy qadriyatlar yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, mamlakatdagi bugungi farovon hayotning mazmun-mohiyati haqida amri-ma’ruf qilinib, Qurbon hayitini munosib nishonlash, bu kunni ulug‘ bayram sifatida yaxshi kayfiyatda o‘tkazish lozimligini, gina-kudratlar unut bo‘lishi, imkoniyati borlar qurbonliklar qilib, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, beva-bechora, yetim-yesirlarga ehson etishlari lozimligi alohida qayd etildi.

– Yaratganga behisob hamdu sanolar va uning payg‘ambarlariga salovatlar bo‘lsinki, bugun butun Islom olamining ikki ulug‘ bayramidan biri – muborak Qurbon hayiti va bu kunda Alloh taolo jamoat bo‘lib o‘qishni buyurgan hayit namozini 42 mingdan ortiq jizzaxlik namozxonlar bilan viloyatimizdagi 169 ta jome masjidida bir vaqtda ado etdik, – deydi Jizzax viloyati bosh imom xatibi Mehmonxon Jabborov. –  Mustaqillik sharofati, tinchliksevar, xalqparvar muhtaram Yurtboshimizning say’i harakatlari tufayli yurtimizning barcha mo‘min-musulmonlariga Haj va Umra ziyoratlarini ado etishdek baxt nasib etdi. Qurbon hayiti sharafiga janob Prezidentimiz butun O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘llab, bayram bilan samimiy qutladilar va bu haqida hayit namozidan avvalgi amri-ma’ruflarda ham alohida to‘xtaldik. Yaqinda, muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida Haj safaridagi o‘zbekistonliklarga boshchilik qilayotgan Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar janoblari bilan telefon orqali muloqot qilib, Haj amallarini bajarayotgan vatandoshlarimizning hol-ahvoli bilan qiziqdi, yana qanaqa yordam kerak bo‘lsa tayyor ekanlarini aytdi. Bunday holat hali tarixda ham, biror mamlakat rahbari tomonidan ham bo‘lmagan ekan.  

Biz ham ayni paytda viloyatimizdan Saudiya Arabistoniga Haj amallarini bajargani borgan 640 nafarga yaqin vatandoshlarimiz vakillari bilan bog‘langanimizda, ular o‘zbekistonlik Hojilarga u yerda yaratilgan sharoit, e’tibor va g‘amxo‘rlik boshqa biror musulmon davlatlaridan borganlarga yaratilmaganini aytib, Prezidentimizga behisob rahmatlar izhor etib, haqlariga duo qilishliklarini aytishdi.  

Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan bugun sahar soat 3:00 dan soat 10:00 gacha barcha jamoat transportlari fuqarolarga bepul xizmat ko‘rsatadi. Yo‘llarimizda tirbandlikni oldini olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, namozxonlarning salomatligini nazorat qilish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlari va boshqa mutasaddilar beminnat xizmat ko‘rsatmoqda. Bu xayrli ishlar samarasida Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib, osoyishtalikda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldik. Ana shunday ulug‘ kunlarga yetkazganiga Yaratganga behisob shukurlar bo‘lsin. Qurbon hayiti barchalarimizga muborak bo‘lsin.

A.QAYUMOV,  

O‘zA