Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda “Yosh kitobxon” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
12:48 / 2022-01-27

Jizzaxda “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tuman bosqichlari g‘oliblari ishtirok etdi.

O‘quvchi va talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida kitobxonlikni oshirishga Jizzax viloyatida ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Ko‘rik-tanlovning 2021 yilgi mavsumida qatnashish uchun viloyatdan jami 26 ming 645 nafar jizzaxlik yosh onlayn ro‘yxatdan o‘tgan edi. 2021 yilning 27-29 dekabr kunlari viloyatning barcha shahar va tumanlarida tanlov 3 ta yosh toifasida: 10-14, 15-19 va 20-30 yoshdagi jami 64 nafar kitobsevar yoshlar 5 ta shart bo‘yicha elektron test shaklida saralash bosqichlaridan o‘tib viloyat bosqichida ishtirok etdi.

– Kitobxonlarning mazkur tanlovga bo‘lgan qiziqishi sabab ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha dars, viktorina, ijodkorlar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etib kelinmoqda, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, hakamlar hay’ati a’zosi Alimurod Tojiyev. – Shuningdek, axborot kutubxona markazi bilan hamkorlikda tanlovning 2021 yilgi mavsum adabiyotlar ro‘yxatida berilgan barcha kitoblarning elektron jamlanmasi tayyorlanib, barcha yosh toifasidagi tanlov qatnashchilariga yetkazilgan.

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosalariga ko‘ra “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 10-14 yosh toifasida Madina Norqulova, 15-19 yoshlilar o‘rtasida Farangiz Abduraxmonova hamda 20-30 yosh toifasida Sirojiddin Aliqulov g‘olib bo‘lib, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan eng sara asarlar bilan taqdirlandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA