Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilarida harakatlanish madaniyati va ko‘nikmasini shakllantirib borish maqsadida yana bir yangilik amaliyotga joriy etildi.
Gap shundaki, soha xodimlari tomonidan sinov tariqasida Jizzax shahri hududida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJlarga tegishli yo‘lovchi tashuvchi avtobuslardan “Targ‘ibot avtobusi” sifatida foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Endilikda har bir avtobus yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib etuvchi pannolar, ya’ni avtobusdan tushgan yo‘lovchiga avtobusning orqa tomonidan o‘tishi va orqa tomondan harakatlanib kelayotgan boshqa transport vositalari haydovchilarini hushyorlikka chorlovchi tungi vaqtda nur qaytaruvchi materiallardan tayyorlangan eslatmalar bilan jihozlandi.
Shuningdek, har bir avtobusning salonida ham yo‘lovchilarga yo‘nalish vaqtlarida yo‘l harakati qoidalari bilan tanishib borishi uchun yo‘l belgilari hamda harakat ishtirokchilarining amal qilishlari lozim bo‘lgan qoidalar aks etgan pannolar o‘rnatildi.
[gallery-19343]
Eng asosiysi, avtobusda harakatlanib ketayotgan yo‘lovchilarning e’tiborini tortish maqsadida har bir avtobusga o‘rnatilgan monitorlarda soha xodimlari tomonidan tayyorlangan maxsus videoroliklar muntazam ravishda qo‘yib boriladigan bo‘ldi.
– Bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri bu bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari, chunki juda ko‘pchilik bolalar har kuni maktabga avtobusda qatnaydi, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX YHXB katta inspektori, leytenant Abbos Dadashov. – Yo‘lovchilar avtobusga minayotganda orqa eshigidan chiqishi, yo‘lda ketayotganda yo‘l belgilari bilan tanishib borishi va avtobusning oldi eshigidan tushgandan keyin orqa tomonidan o‘tish lozimligini ko‘rsatib turuvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi. Piyodalar va, ayniqsa, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida mana shu “Targ‘ibot avtobuslar”i tajribasini sinov tariqasida amaliyotgan joriy etayapmiz.
– Yo‘lovchi to manziliga yetib borgunicha avtobusga o‘rnatilgan yo‘l belgilarini o‘qib, tanishib boradi. Nimalar qilishlari mumkinu, nimalar mumkin emasligiga e’tibor beradi. Har bir ko‘cha belgisi qanaqa ma’noni anglatishini bilib oladi. Bu kattalarga ham, bolalarga ham juda yaxshi saboq ekan, – deydi birinchi yo‘lovchi.
– Avtobuslarning tashqarisiga ham, ichkarisiga ham bir qator yo‘l belgilarini o‘rnatib chiqishibdi. Men buni ko‘rib xursand bo‘ldim. Menimcha, bunaqa targ‘ibot vositalarini boshqa yo‘lovchi tashuvchi transportlarga ham o‘rnatish kerak,– deydi 2-yo‘lovchi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SsFMwFdk1mc" title="Jizzaxda yoʻlovchilarga “Targʻibot avtobuslari” xizmat koʻrsatmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
– Tajriba tariqasida sinovdan o‘tayotgan ushbu tardbirning yo‘l-transport hodisalari oldini olishda juda katta foydasi bo‘ladi. Har kuni shunaqa targ‘ibotchi avtobusga chiqqandan keyin birida bo‘lmasa, ikkinchisida yo‘lovchi qaraydi va, albatta, yo‘l harakati qoidalari miyasiga singib boraveradi. Juda kerakli targ‘ibot tadbirini yo‘lga qo‘yibsizlar, – deydi 3-yo‘lovchi.
– Bu targ‘ibot juda ham yaxshi foyda beradi. Nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham nafi bor. Yoshi kattaroq kishilarga hech qayerda yo‘l belgilari bo‘yicha saboq berilmaydi. Bunaqa avtobusga chiqqanidan keyin monitorda ko‘rsatilayotgan roliklar, avtobus saloni bo‘ylab o‘rnatib chiqilgan yo‘l belgilari so‘zsiz e’tiborini tortadi va o‘zlariga kerakli tushunchani oladi va shundan to‘g‘ri xulosaga keladi, – deydi 4-yo‘lovchi.
Bundan tashqari, soha xodimlari tomonidan avtobusga chiqqan har bir yo‘lovchiga, harakat ishtirokchisi bilishi va amal qilishi lozim bo‘lgan qoidalar aks ettirilgan buklektlar tarqatilayotgani ham ayni muddaodir.
– Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, birgina Jizzax shahrining o‘zida har kuni 190 ta yo‘lovchi tashuvchi avtobus o‘rtacha 95- 100 ming aholiga xizmat ko‘rsatar ekan, – deydi Jizzax viloyati IIB JXX YHXB katta mutaxassisi, mayor Erkin Ochilov. – Ushbu “Targ‘ibot avtobuslari” orqali, biz har kuni 45 – 50 ming yo‘lovchiga yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlari lozimligini har kuni eslatib turgan bo‘lamiz.
Olib borilayotgan bu kabi amaliy tajribalar harakat xavfsizligini ta’minlash va sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri