Jizzax viloyati paxta dalalarida barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazgan bobo dehqonlar mo‘l paxta hosili yetishtirdi. Ana shu qimmatbaho xomashyoni qisqa fursatlarda yig‘ib-terib olish maqsadida Jizzax viloyatining paxta ishlab chiqaruvchi 7 ta tumanida yoppasiga mashina terimiga kirishildi.
Bu yil ob-havoning paxtachilik uchun qulay kelganligi, paxta hosili yetishtirish o‘z vaqtida moliyalashtirilishi, asosiy maydonga chigit plyonka ostiga ekilishi, suv taqchilligi hisobga olinib, g‘o‘za tomchilatib sug‘orish usulida amalga oshirilganligi, mineral va mahalliy o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va boshqa moddiy resurslarning kafolatli ta’minlanishi natijasida dalalarda kutilganidan-da mo‘l hosil yetishtirildi.
Jizzax viloyati paxta dalalarida paxta hosilini yig‘ib-terib olishda 18 yoshga to‘lmagan fuqarolar, oliy, o‘rta va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchi, talaba va o‘qituvchilari, shuningdek, tibbiyot va boshqa tashkilotlar xodimlari hamda harbiylarni terim ishlariga, shuningdek, har qanday shakldagi majburiy mehnatga jalb qilish qat’iyan man etilganini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
[gallery-19305]
Viloyatda paxta yig‘im-terimiga jalb qilingan texnikalarning tayyorgarligiga ham alohida e’tibor qaratilib, bu yil yetishtirilgan hosilning 80 foizdan ortig‘ini yoki 240 ming tonnasini “MX-1.8”, “Kyeys”, “Katton”, “Jondyeyerye” hamda “Tzstsye-220” rusumidagi paxta terish mashinalarida terib olish mo‘ljallangan va bugungi kunda mavjud 446 ta “zangori kema” 112 otryadga biriktirilgan holda 7 ta paxta ekilgan tumanda yoppasiga terimga tushirildi.
Jizzaxlik paxtakorlar joriy yig‘im-terim mavsumida yetishtirilgan hosilning 20 foizini yoki 58 ming tonnasini qo‘lda terib olishni rejalashtirgan. Shu maqsadda hududlardagi mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar bilan ixtiyoriy ravishda mehnat shartnomalari rasmiylashtirilmoqda.
Shu kungacha paxta terish mavsumida qatnashish istagini bildirgan jami 45 mingdan ortiq fuqaro 452 ta terim otryadiga biriktirildi.
Viloyatdagi mavjud 300 dan ortiq mahallada mehnatga layoqatli ishsiz aholini paxta terimiga mehnat shartnomasi asosida ixtiyoriy ravishda jalb qilish orqali ularning bandligi va daromadi oshishini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi guruhlar astoydil ish olib borganlarini ham ta’kidlab o‘tish zarur.
Terimchi va paxta terish mashinalari mexanizatorlariga terilgan paxta uchun ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab borish, ilg‘or otryad rahbarlari, terimchi va mexanizatorlarni rag‘batlantirish tizimi ham ishlab chiqilgan bo‘lib, mavsum davomida bu bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rib boriladi.
Biz paxta dalalarida mashina terimi qanday borayotganini ko‘rish maqsadida Mirzacho‘l tumanida bo‘ldik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/apAR6Wvm_qg" title="Jizzaxda yetishtirilgan paxta hosilining 80 foizi mashinalarda terib olinadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Joriy yilda tuman mirishkorlari jami 12 ming 500 gektar paxta maydoniga chigit ekib, g‘o‘za parvarishiga alohida e’tibor berganlari natijasida mo‘l hosil yetishtirildi. Mirzacho‘lliklar bu yil har gektar maydondan 37,9 sentnerdan hosil ko‘tarib, 47 ming 730 tonna qimmatbaho paxta xomashyosi yetishtirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan.
Ana shu hosilning 42 ming 630 tonnasini yoki 89,3 foizini mashinalar yordamida terib olish maqsadida 50 ta paxta terish mashinasi yig‘im-terimni boshladi, 2 – 3 kun oralig‘ida Xitoyda ishlab chiqarilgan yana 10 dan ortiq eng unumdor paxta terish kombayni terimga qo‘shilishi ko‘zda tutilgan.
– Yil bo‘yi qilingan mehnatimiz o‘z samarasini ko‘rsatayotganidan barcha fermer, mexanizator, ishchi-xizmatchilarimiz benihoya xursand, – deydi Mirzacho‘l tuman fermerlar, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Abror O‘taganov. – Tumanimiz hududidagi 310 ta paxtachilik fermer xo‘jaliklarining dalalari mashina terimiga 90 – 95 foiz, klasterlar 100 foiz tayyor holga keltirilgan. Yetishtirgan hosilimizni qisqa fursatlarda yig‘ib terib olish maqsadida mashina terimini 2 smenada tashkil etganmiz. Ularning unumli mehnat qilishi, o‘z vaqtida ovqatlanishi, smena almashgan paytida hordiq chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Ilk mashina terimida har gektar maydondan 40 – 45 sentnerdan hosilni terib, peshma-pesh paxta qabul qilish punktlariga yetkazish maqsadida ajratilgan jami 187 ta paxta tashish transport vositalari tinim bilmay mehnat qilayapti. Joriy yilning 13 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori – biz paxtakorlarni yanada quvontirganini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Ushbu qarorga asosan, fermerning har 1 tonna terilgan paxtasi uchun 1 million so‘mdan subsidiya, har tonna mashina terimi uchun 200 ming so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilab qo‘yilganligi har bir fermerni, har bir mexanizator va terimchini yanada ruhlantirib yubordi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat), O‘zA muxbirlari