Jizzax shahrining “O‘ratepalik” mahallasida umumiy maydoni 13,6 gektarni tashkil etuvchi “Yashil jamoat parki” qurilishiga start berildi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqaror yashash muhitini yaratish va iqlim o‘zgarishlariga moslashuvni kuchaytirishga qaratilgan ushbu yirik loyiha — Prezidentimiz tashabbuslari va davlat siyosatidagi “yashil rivojlanish” strategiyasining amaliy ifodasidir.

Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 30 mayda qabul qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda o‘rmonlarni boshqarish tizimidagi islohotlar yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 martdagi “Jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan ‘Mening bog‘im’ loyihalarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining ijrosi yuzasidan amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Jo‘rayev, viloyat ekologiya boshqarmasi rahbariyati, mahalla faollari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda 2025 yil davomida amalga oshiriladigan barcha “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat parki” loyihalari haqida ma’lumot berildi. Ayni paytda viloyatda jami 13 ta loyiha — har bir tumanda bittadan “Yashil bog‘” va Jizzax shahri hamda Sharof Rashidov tumanida “Yashil jamoat parki” qurilishi rejalashtirilgan. Ular “Ochiq byudjet” portalida jamoatchilik ovozlari asosida shakllantirilib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan.
Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Erkin Xolmatov tadbirda so‘zga chiqib, shunday dedi:
– “Yashil jamoat parki” faqatgina ekologik barqarorlik emas, balki inson salohiyatini rivojlantirish, aholining dam olish madaniyatini shakllantirish, turmush sifatini oshirishga ham xizmat qiladi. Bu loyiha – “yashil rivojlanish” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlarning hayotdagi amaliy ifodasidir.
Loyiha doirasida davlat byudjeti hisobidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ekologiya vazirligi huzuridagi “Qurilish direksiyasi” davlat muassasasi buyurtmachi sifatida belgilangan. 2025 yil 2 sentyabrda o‘tkazilgan tender yakunlariga ko‘ra, “Bo‘ston-montaj-ta’mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati pudratchi etib tanlab olindi. Kuni kecha buyurtmachi va pudratchi o‘rtasida shartnoma imzolanib, qurilish ishlariga rasman start berildi.

Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi qoshidagi “Yashilloyiha” instituti tomonidan barcha loyihalarning smeta va loyiha hujjatlari ishlab chiqildi. “Mening bog‘im” tashabbusi doirasida viloyat bo‘ylab jami 3 milliard 250 million so‘m moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘lar viloyat ekologiya boshqarmasi orqali ajratilib, moliyaviy shaffoflik va korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga qat’iy amal qilinadi.
Jizzax shahri bilan bir qatorda, Sharof Rashidov tumani “Yangiobod” mahallasida ham 3 gektar maydonda “Yashil jamoat parki” barpo etiladi. Bu loyiha uchun respublika byudjeti hisobidan 3 milliard so‘m va mahalliy byudjetdan 1 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Qurilish ishlarining buyurtmachisi etib “Yagona buyurtmachi” injinering kompaniyasi belgilangan. Parkka ko‘chat ekish ishlarini Jizzax davlat o‘rmon xo‘jaligi amalga oshiradi.
Ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, yashash muhitini yanada yaxshilash, shahar va tumanlarda yashil hududlarni kengaytirish — bugungi kunning ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Jizzaxda boshlangan ushbu “yashil inqilob” ana shu ezgu maqsadlar sari tashlangan muhim qadamdir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri