Jizzax viloyatida kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan turli tashkilot va muassasalarda bolalar uchun quvonchli va mazmunli bayram tadbirlari o‘tkazildi.
Mirzacho‘l tuman ichki ishlar bo‘limida tashkil etilgan Yangi yil bayramida xodimlarning farzandlari uchun qiziqarli shou dastur namoyish etildi.
Qorbobo, qorqiz va panda kabi mashhur ertak qahramonlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda bolalar quvnoq o‘yinlar, qo‘shiq va raqslar sabab bayram kayfiyatini his qilishdi.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga yangi yil sovg‘alari topshirildi.
Madaniyat markazi xodimlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi tadbirga yanada fayz qo‘shdi.



***
Yangiobod tuman prokurori Sh. Salimov tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan bolajonlarni holidan xabar olib, Yangi yil bayrami bilan tabrikladi. U bolalarga bayramona sovg‘alar taqdim etib, shifoxona shart-sharoitini o‘rgandi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.


***
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filialida ham xodimlarning oila a’zolari va farzandlari uchun bayram tadbiri tashkil qilindi.
Viloyat qo‘g‘irchoq teatrida bo‘lib o‘tgan tadbirda 250 nafardan ziyod bolalar va ularning onalari ishtirok etishdi. Qiziqarli spektakllar, qorbobo va qorqiz bilan o‘tkazilgan o‘yinlar hamda qo‘shiqlar bolalarga unutilmas bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida har bir ishtirokchiga filial tomonidan tayyorlangan bayram sovg‘alari topshirildi.

***
Forish tuman hokimi Sohib Islomov yangi yil munosabati bilan Bog‘don va Oybek mahallalarida yashovchi nuroniylarning xonadonlarini ziyorat qildi.
Tuman hokimi ularni Yangi yil bilan qutlar ekan, uzoq umr va sihat-salomatlik tiladi, muammolarini o‘rgandi va o‘z bayram sovg‘alarini topshirdi.
Shu bilan birga, nuroniylarning hayotiy tajribasi va yosh avlod tarbiyasiga hissasi alohida e’tirof etildi.


***
Arnasoy tumanida faoliyat yuritayotgan “Real Hunter” MCHJ bolajonlar uchun Yangi yil bayram tadbiri tashkil etdi.
Quvnoq qo‘shiqlar, sahnaviy chiqishlar va bayramona o‘yinlar bolalarga shodlik ulashdi.
Tadbirda tuman hokimi Odil Musanov ham ishtirok etib, bolajonlarni samimiy tabrikladi va ularga ezgu tilaklar bildirdi.
Bayram davomida bolalar mazmunli va quvnoq dam olib, kunni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishdi.



***
Yangi yil arafasida Jizzax viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi xodimlari Sharof Rashidov tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyi tarbiyalanuvchilari holdidan xabar olishdi.



Uchrashuv davomida tarbiyalanuvchilar va muassasa xodimlariga Yangi yil sovg‘alari topshirildi. Bu esa ularning yuzlariga quvonch, qalblariga esa iliqlik ulashdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri