O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi Jizzax viloyatida ham yuksak ruh va shukuh bilan nishonlandi. Bu yilgi bayram “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tib, nafaqat tantanali marosim, balki xalq farovonligi va taraqqiyotining jonli namoyoniga aylandi.
Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik bog‘ida bo‘lib o‘tgan asosiy bayram tadbirida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev so‘zga chiqib, mustaqillik faqat tarixiy sana emas, kelajakni barpo etishdagi mas’uliyat va birdamlik ramzi ekanini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda viloyatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar tub islohotlarning samarasidir. Joriy yilning o‘zida qariyb 10 trillion so‘m mablag‘ evaziga yo‘llar ta’mirlandi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari yangilandi, maktab, shifoxona va turarjoylar barpo etildi.
Qishloq xo‘jaligida esa 860 ming tonna g‘alla, 1 ming tonnadan ortiq pilla hamda 2 million tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi. Yangi agrotexnologiyalar, jumladan, Shinjon tajribasi asosida paxta ekish, pillachilikda xotin-qizlarni keng jalb etish orqali aholi daromadi ortayotir.
[gallery-25142]
Jizzaxning turizm salohiyati ham to‘laqonli ishga solinmoqda. “Aydar – Arnasoy” ko‘llari atrofida ekoturizm maskanlari, xostellar, sog‘lomlashtirish markazlari qurilib, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratildi. “Turizm halqasi” — Zomin, Baxmal, Jizzax va Aydarko‘lni qamrab olgan marshrutlar viloyat iqtisodiyotida yangi davrni boshlab bermoqda.
Sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ham sezilarli yangilanishlar kuzatilmoqda. Yangi tibbiyot klasterlari, raqamlashtirilgan poliklinikalar va Turkiya tajribasi asosida joriy etilgan tizimlar samara bera boshladi. Jizzax yoshlari xalqaro robototexnika musobaqalarida yutuqlarga erishib, yurt sharafini munosib himoya qilmoqda.
Mustaqillik bayramining insonparvarlik va ma’naviy jihatlari ham diqqatga sazovor. Prezident farmoni bilan bir guruh mahkumlar afv etildi. Shu bilan birga, faol tadbirkorlar, ziyolilar va ishchi-mehnatkashlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jizzaxda o‘tkazilgan bayram tadbiri finalida taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert, osmonni charog‘on etgan mushakbozlik yurtdoshlar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari