Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda yangi o‘quv yilidan boshlab OTM soni 6 taga yetadi
13:03 / 2023-01-08

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi “2022 – 2026 yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yangi – 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filiali va viloyat bolalar diagnostika markazi tashkil etiladi.

Ayni paytda viloyatda – Jizzax davlat pedagogika universiteti, politexnika instituti, Sambharm universiteti, O‘zbekiston Milliy hamda Qozon Federal universitetlarining Jizzax filiallari faoliyat olib bormoqda.  

Yangi o‘quv yilidan faoliyat boshlaydigan SamDTU Jizzax filialining asosiy vazifalari etib, hududda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish kabilar belgilangan.

Shuningdek, fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlari tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolar yechimiga qaratilib, tibbiy ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligi yo‘lga qo‘yiladi.  

Xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish va rivojlantirish asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlarga iqtidorli yosh bitiruvchilarni magistratura, doktoranturaga muntazam yuborish orqali filialda ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirib borish ham ko‘zda tutilgan.

SamDTU Jizzax filialining mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish ham rejalashtirilgan.  

Bundan tashqari, 2023-2024 o‘quv yilidan Jizzax davlat pedagogika universitetining “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini SamDTUning Jizzax filialida davom ettirishlariga ruxsat beriladi.

Yangi o‘quv yilidan talabalarni qabul qilish rejalashtirilgan Samarqand davlat tibbiyot universitetining Jizzax filiali hududdagi 6-oliy ta’lim muassasasi sifatida o‘z faoliyatini boshlaydi.

A.Qayumov, O‘zA