Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda yangi kasbiy o‘quv markazi faoliyat boshladi
18:08 / 2025-11-17

Jizzax viloyatida ham aholi bandligini ta’minlash va mutaxassis kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimiz rahbarligida 2024 yil 16 dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida banklar zimmasiga biriktirilgan hududlarda xalqaro sertifikat beradigan o‘quv markazlarini tashkil etish topshirilgan edi. Mazkur vazifa ijrosi doirasida Jizzax shahrining Toshloq mahalasida payvandlash va xorijiy tillar yo‘nalishida xalqaro talablarga javob beradigan o‘quv markazi ish boshladi.

Markaz “Agrobank” va “Gold Ash” xususiy korxonasi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun bank tomonidan 1 milliard 250 million so‘m homiylik mablag‘i yo‘naltirildi. Shu mablag‘lar hisobiga bino fasadi yangilandi, amaliyot va nazariya xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, zarur asbob-uskunalar, xomashyolar, mebel hamda o‘quv texnikasi xarid qilindi. Tinglovchilar uchun 32 o‘rinli yotoqxona va oshxona tashkil etilib, qulay sharoit yaratildi.

Markazda Estoniyaning “Association of Estonian Shelders” (AYeSh) bilan hamkorlikda ISO 9606-1 standarti bo‘yicha payvandchilarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ingliz, nemis va yapon tillari bo‘yicha kasbiy til kurslari ham tashkil etilmoqda. Payvandlash yo‘nalishida ta’lim 3 bosqichda: bir haftalik — tajribali mutaxassislar uchun, bir oylik — amaliyot ko‘nikmasi o‘rta darajadagi tinglovchilar uchun hamda ikki oylik — sohani yangi o‘rganuvchilar uchun olib boriladi.

[gallery-26289]

Xorijiy tillar yo‘nalishidagi kurslar 3–6 oy davom etadi. Bir tinglovchi uchun o‘quv to‘lovi 7 million so‘m etib belgilangan.

O‘quv jarayonini muvaffaqiyatli yakunlagan yoshlar onlayn va offlayn tarzda imtihon topshirib, AYeSh tizimi asosida ISO 9606-1 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ladilar. Markazda o‘qituvchi mutaxassislar soni o‘ndan oshadi. Yil davomida 500 nafargacha tinglovchiga ta’lim berish rejalashtirilgan.

O‘quv markazi rahbari Abdulaziz Allayorov belgilgan maqsadlarning ahamiyati haqida shunday dedi: –  Jahon mehnat bozorining talabi o‘zgarmoqda. Xorijiy ish beruvchilar sertifikati bor mutaxassisni afzal ko‘rishadi. Shu bois biz markazimizda har bir tinglovchini xalqaro talablar asosida tayyorlashga e’tibor qaratyapmiz.  

Па́йvaндчилар ISO 9606-1 sertifikatiga, til o‘rganuvchilar esa kasbiy yo‘naltirilgan bilimlarga ega bo‘lsa, ularning ish topish imkoniyati ham yurtimizda, ham xorijda keskin oshadi. Bizning maqsad — fuqarolarga haqiqiy kasb, haqiqiy imkoniyat va o‘z mehnati bilan daromad topish yo‘lini ochib berishdan iborat.

Markaz imkoniyatlari kengaymoqda. Latviyaning “Sia Certification Center” o‘quv muassasasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, yaqin kunlarda qator yangi yo‘nalishlar — yuk ko‘taruvchi kara haydovchilari, og‘ir yuk avtomashinalari operatorlari, lesa teruvchilar, avtomobillarga elektr va texnik diagnostika xizmatlari, elektr va santexnika yo‘nalishlari bo‘yicha kurslar ham tashkil etiladi.

Eng muhimi shundaki, o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan fuqarolarni ish bilan ta’minlash masalasi ham nazardan chetda qolmagan. Xorijiy hamkor tashkilotlar bilan kelishuvlar asosida tinglovchilar Yevropaning bir qator davlatlarida oylik 1600–2400 yevro atrofidagi ish o‘rinlariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda markazda 20 nafar tinglovchi payvandlash va xorijiy til yo‘nalishlarida ta’lim olmoqda. Mazkur o‘quv maskani nafaqat Jizzaxda, balki respublika mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin egallashi kutilmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari