Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda yangi futbol akademiyasi ochildi
17:19 / 2025-06-14

Jizzax shahrida “So‘g‘diyona” professional futbol klubi qoshida zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan futbol akademiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi mutasaddilari, viloyat va Jizzax shahar hokimliklari, sport va futbol faxriylari, viloyat sport boshqarmasi hamda “So‘g‘diyona” futbol klubi rahbariyati, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti maslahatchisi Rahmiddin Zikriyoyev va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatda futbolni rivojlantirishda Prezidentimizning 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida millionlar o‘yini bo‘lgan va mamlakatda alohida o‘rin tutadigan futbolga yoshlarni keng jalb etish bo‘yicha Jizzax vohasida ham tizimli ishlar amalga oshirilayotganini, professional futbol klublarining akademiyalarini qurish, mavjudlarini jahon talablari darajasida rekonstruksiya qilish va yoshlarni sifatli saralab olish hamda iqtidorli kadrlar tayyorlash jarayonlari dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi.

[gallery-23912]

Shuningdek, yangi akademiyada Jizzax viloyatining turli hududlaridan saralab olingan iqtidorli  yosh futbolchilari mashg‘ulotlar o‘tkazishi, ular bilan malakali murabbiylar ish olib borishi, bu yerda bo‘lajak futbolchilar uchun barcha qulayliklar yaratilganligi ham alohida qayd etildi.

Rasmiy marosimdan so‘ng, ramziy bog‘ich qirqilib, tadbir ishtirokchilari futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Ushbu majmuada bir vaqtning o‘zida 6 ta yosh toifasi bo‘yicha 120 nafar yosh charm to‘p ustalari amaliy va nazariy jihatdan kerakli sport va asosan futbol ko‘nikmalarini o‘zlashtirishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur futbol akademiyasi tarkibida barcha qulayliklarga ega 1 ta tabiiy chim yotqazilgan va 2 ta sun’iy qoplamali stadion, yopiq sport zali, suzish havzasi, har biri 120 o‘rinli oshxona va yotoqxona hamda kattagina kitob fondiga ega kutubxona mavjudligini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Umid qilamizki, ushbu akademiyada  Vatanimiz sharafini jahonga tanitadigan iste’dodli va shijoatli  futbolchilar yetishib chiqadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari