English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda yana bir qoʻshma korxona
15:14 / 2019-01-29

Jizzax shahrida marmar toshdan qurilish materiali ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jizzakh Stone Quality” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Italiya qoʻshma korxonasi ish boshladi.


Jizzax shahrida marmar toshdan qurilish materiali ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Jizzakh Stone Quality” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Italiya qoʻshma korxonasi ish boshladi.

Shu munosabat bilan Jizzax viloyati hokimligi va jamoatchilik vakillari, hudud faollari, tadbirkorlar ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Loyiha qiymati 2 million 583 ming yevro boʻlgan ushbu korxona “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyatida italiyalik investorlar va jizzaxlik tadbirkorlar muassisligida barpo etildi.

– Italiya tosh va tosh mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha jahonda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi, – deydi italiyalik investor Jovanni Petrichioli. – Bozorga yangi mahsulot olib kirish oson ish emas, albatta. Ammo Oʻzbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli Jizzaxga mamlakatimiz texnologiyasini olib kirib, bozoriga yangi turdagi zamonaviy va sifatli mahsulot chiqarishga muvaffaq boʻldik. Mahsulotlarimizni eksport qilishni ham rejalashtirganmiz.

Ushbu loyihani amalga oshirishda bankning 1 million 83 ming yevro krediti, “Jizzax plastmassa” AJning 600 ming yevroga teng ekvivalentdagi va investorlarning 900 ming yevro mablagʻi oʻzlashtirildi.

Mazkur korxona tabiiy pardozbop toshlar chiqindilaridan yuqori sifatli sunʼiy tosh va plitkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yurtimiz ushbu noruda xomashyoga boy hudud hisoblanadi. Xususan, Jizzax viloyatida tabiiy pardozbop toshlarning katta zaxirasi mavjud.

– Keyingi ikki yilda mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish turi 120 dan 180 ga yetdi, – deydi “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boʻlim boshligʻi Maqsudbek Yusupov. – Tabiiy toshlar ishlab chiqarish borasida jadal ish olib borilmoqda. Jizzax shahrida tabiiy toshlar chiqindilaridan turli oʻlchamdagi sunʼiy marmar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona yiliga 360 ming kvadrat metrdan koʻproq mahsulot ishlab chiqaradi. Eng muhimi, korxona ish boshlashi bilan 30 dan ortiq doimiy ish oʻrni yaratildi.

Korxonaning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev soʻzga chiqdi.