Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda yana 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab foydalanishga topshirildi
16:49 / 2023-03-05

Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Jizzax viloyatining G‘allaorol hamda Zarbdor tumanlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarning yangi binolari foydalanishga topshirildi.

Tubdan qayta rekonstruksiya qilib foydalanishga topshirilgan G‘allaorol tumani ixtisoslashtirilgan maktabi Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan. Aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida test sinovlari orqali saralab olingan 300 nafardan ortiq o‘quvchiga, tanlov orqali qabul qilingan 36 nafar oliy toifali o‘qituvchi-pedagoglar ta’lim-tarbiya bermoqda.

– G‘allaorol shaharchasidagi “Mustaqillik” ko‘chasida joylashgan sobiq sanoat kolleji binosi tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, yangidan to‘liq jihozlandi, – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi G‘allaorol tumani ixtisoslashtirilgan maktab direktori Sanjar Karimov. – Bugun foydalanishga topshirilgan maktabimiz 450 o‘quvchi o‘ringa mo‘ljallangan. Mazkur binoda barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan o‘quv sinfxonalari, kutubxona, kimyo, biologiya, fizika laboratoriyalari, robotatexnika, lingafon, inovatsion xonalar hamda so‘ngi rusumdagi kompyuterlar bilan ta’minlangan axborot texnologiyalari xonalari, oshxona, yotoqxona, yopiq sport zali va ochiq sport maydonlari mavjud.  

Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev hamda Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Nazira Muxtarovalar so‘zga chiqdi.

Zarbdor tumani ixtisoslashtirilgan maktabining ochilish marosimida Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi Jizzax viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Shohida Damanovalar tuman ahli va o‘quvchilarni mazkur yangi ta’lim dargohi bilan tabriklab, bu ilm dargohida buyuk ajdodlarimizga mos yangi zamon avlodlari yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Ushbu yangidan foydalanishga topshirilgan maktabda 336 nafar o‘quvchilar uchun barcha qulayliklar yaratilganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. 21 ta o‘quv, laboratoriya sinflari, yopiq sport va faollar zallari kerakli jihozlar hamda texnik vositalar bilan to‘liq ta’minlandi.

Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqish va sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA