Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda Xalqaro qizlar kuni keng nishonlandi (+video)
16:13 / 2024-10-12

Jizzax viloyatidagi oliy, o‘rta maxsus va umumta’lim o‘quv muassasalarida 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kunini nishonlashga alohida e’tibor qaratildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh assambleyasi tomonidan hamda Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi  “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyatda Xalqaro qizlar kuniga bag‘ishlab bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.  

11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Jizzax shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 6-sonli umumta’lim  maktabida  tashkil etilgan tadbirda shahar “Oqila ayollar harakati” a’zosi, “Buvijonlar maktabi” rahbari R.Turmuhamedova, shahar Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi mutaxassisi M.Jumayeva, ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari hamda maktab ma’muriyati ishtirokida o‘quvchi- qizlar bilan dildan suhbat qurildi.

Namunali xulqi, a’lo baholarga o‘qigan faol o‘quvchi-qizlar shahar hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limining  faxriy  yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mirzacho‘l tumanidagi 15-sonli umumta’lim maktabida  Xalqaro qizlar kuniga  bag‘ishlab o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ham ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.

“Sen jamiyatga va yaqinlaringga keraksan!” mavzusida tashkil etilgan ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir doirasidagi  “Zakovat” intellektual bahslarida mirzacho‘llik qizlar o‘zlarining yuksak iqtidori, salohiyati va zukkoligini namoyish etdi.  

Ushbu sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar so‘nggida yuqori sinf o‘quvchilari va yoshlar tomonidan tayyorlab ijro etilgan she’r, qo‘shiq, kuy va dilrabo raqslar ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

A.Qayumov, (video,surat),

O‘zA