O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zosi Sanobar Suyarovaning Jizzax viloyati Sharof Rashidov hamda Paxtakor tumanlarida xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari, mutasaddi idoralar mas’ul xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, keng jamoatchilik vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini munosib nishonlash bo‘yicha Oliy Majlis Senatining chora-tadbirlar rejasi doirasida hududlarda mustaqillik yillarida iqtisodiy islohotlar mazmun-mohiyatini fuqarolarga yetkazish bo‘yicha yuklatilgan topshirig‘iga asosan o‘tkazilgan ushbu davra suhbatlari “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” mavzusida tashkil etildi.
Davra suhbatida Harakatlar strategiyasini 2017-2021 yillarda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturlaridagi vazifalar ijrosi yuzasidan hayotga tatbiq etilgan iqtisodiy islohotlar va ularning natijalari, ijtimoiy loyihalarning ijrosiga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, qator sohalarda katta-katta yutuqlarga erishildi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va byudjet tizimi shaffofligini ta’minlash, shuningdek, soliq yukini kamaytirish va soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish orqali aholi real daromadini hamda tadbirkorlik sub’ektlarining manfaatdorligini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Prezidentimizning 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan soliq munosabatlari sohasida yangi tartib-tamoyillar joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvaridan boshlab barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yagona stavkasi 12 foiz qilib belgilandi va fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bekor qilindi. Natijada nafaqat aholining real daromadlari oshdi, qolaversa, soliq to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq vaqt va moddiy xarajatlar qisqarishiga ham erishildi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash nafaqat soliqlarni qisqartirish, balki ularning miqdori va stavkalarini kamaytirishda ham namoyon bo‘ldi. Masalan, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun — 22 foizdan 20 foizgacha, dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlanadi foyda solig‘i 10 foizdan 5 foizgacha, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq 5 foizdan 2 foizga pasaytirildi.
– Shu kunlarda mamlakatimiz xalqi davlat mustaqilligining 30 yilligiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda, – deydi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zosi Sanobar Suyarova. – O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar samarasini sarhisob qiladigan vaqt keldi. “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligni mustahkamlash yili”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Bir million dasturchi” kabi davlat dasturlari ijrosi doirasida hududlarda, jumladan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov, Paxtakor va boshqa tumanlarida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan tamoyilni hayotga tadbiq etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ayniqsa, yoshlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Har ikki tumanda tashkil etilgan tadbirda ushbu tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholi, ayniqsa “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni tadbirkorlikka keng jalb etish, biznes yuritish shartlarini yengillashtirish, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, tomorqachilikni rag‘batlantirish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish orqali hududda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar to‘g‘risida ham atroflicha fikrlar bildirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA