Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzaxda turizm va sportga e’tibor qanday?
13:46 / 2022-01-03

Yakuniga yetgan 2021 yilda Jizzax viloyatida turizm va sportda qanday yutuqlar qo‘lga kiritildi? Shu va sohaga oid boshqa savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Sindar Rahmonqulov bilan suhbatlashdi.

– Suhbatimizni jizzaxlik sportchilar tomonidan nihoyasiga yetgan 2021 yilda qo‘lga kiritilgan yutuqlaridan boshlasak, nima deysiz?

– Viloyatda turizm va sportning ommalashishi, rivojiga ham e’tibor qaratilmoqda, – deydi Sindar Rahmonqulov. – Jizzax viloyatida jami 1 million 403 ming 245 nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, hozirda ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilar soni 412 ming 132 nafarni yoki aholi soniga nisbatan 29,4 foizni tashkil qilmoqda.

O‘tgan mavsumda sportchilar jami 2 ming 64 ta, jumladan, Osiyo, Jahon chempionatlari va xalqaro musobaqalarda 106 ta oltin, 112 ta kumush va 166 ta bronza medallarni, respublika musobaqalarida 463 ta oltin, 464 ta kumush, 753 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, bugungi kunga qadar viloyatda 22 ta respublika chempionati, 108 ta viloyat chempionati va 2 ta xalqaro musobaqa o‘tkazilib, ularda 149 nafar jizzaxlik sportchi ishtirok etdi.

Viloyatda jami 2 ming 717 ta, shundan 492 ta sport zali, 12 ta suzish havzasi, 19 ta stadion, 1 ming 983 ta sport maydonchasi, 154 ta sun’iy qoplamali maydon, 1 ta manej, 8 ta tennis korti, 42 ta trenajyor zallari, 3 ta yengil atletika yadrosi majmuasi, 1 ta otchopar, 2 ta otish tiri va Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan 1 ta velodrom faoliyat olib bormoqda.

– Yozgi olimpiya o‘yinlarida negadir jizzaxlik yigit-qizlar ko‘p ham ko‘rinavermaydi. Pandemiya munosabati bilan 1 yil orqaga surib o‘tkazilgan “Tokio-2020” yozgi olimpiya o‘yinlarida viloyat sportchilarining ishtiroki qanday bo‘ldi?

– Avvallari dunyoning ushbu nufuzli musobaqasida jizzaxlik sportchilar juda kam qatnashgan. Ammo 2021 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ilk bor viloyatdan 7 sportchi “Tokio-2020” olimpiadasi yo‘llanmasini oldi.

Olimpiyadada sportning velosport-shosse yo‘nalishida, Zafarobod tumanidan Olga Zabelinskaya muvafaqiyatli ishtirok etib, 9-o‘rinni egallagan bo‘lsa, sportning boks turidan, paxtakorlik Bobousmon Boturov kuchli o‘n oltilikka kirdi.

Salomatligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganligi sababli Jizzax shahrida yashovchi bokschi Maftuna Meliyeva hamda suzish bo‘yicha Mirzacho‘l tumanidan Vladislav Mustafinning qo‘lga kiritgan olimpiada litsenziyalari boshqa sportchilarga berilishiga to‘g‘ri keldi.

Yaponiyada o‘tgan XVI Paralimpiya o‘yinlarida Jizzax viloyatidan 3 sportchi, jumladan, parapaurlifting yo‘nalishi bo‘yicha Do‘stlik tumanida istiqomat qiluvchi Farhod Umurzoqov, parayengil atletika bo‘yicha Jizzax shahridan Yoqutxon Xolbekova 4-o‘rinni band etgan bo‘lsa, suzishning paralimpiya yo‘nalishi bo‘yicha, baxmallik Shoxsanam Toshpo‘latova viloyat tarixida birinchi bo‘lib, Jizzaxga Paralimpiyaning bronza medalini olib keldi.

Turli bellashuvlarda yuqori natijaga erishgani uchun 86 nafar jizzaxlik sporchi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi.

– Jizzaxlik futbolchilar o‘tgan mavsumda katta yutuqqa erishdi, shunday emasmi?

– Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, albatta. Avvalo, Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi “Futbolni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga viloyatda alohida e’tibor qaratildi.

Buning samarasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston superligasi tarixida ilk bor Jizzaxning “So‘g‘diyona” futbol jamoasi chempionatda 2-o‘rinni egalladi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Фuтбол bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining oliyligasida qatnashgan Jizzaxning “So‘g‘diyona-Women” ayollar jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba “dubl” qayd etib, O‘zbekiston chempioni va O‘zbekiston kubogi sohibi, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

Futzal bo‘yicha Jizzaxning “Huaxin-Jizzax” jamoasi 2020 yilda 12 ta jamoa orasida 3-o‘rin egallab, bronza medallariga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2021 va joriy 2022 yil ular O‘zbekiston chempionati oliyligasida yetakchilar qatorida bormoqda va birinchilik yakunda futzalchilarimiz mamlakat chempioni bo‘lishni maqsad qilgan.

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan 2021 yili Litva davlatida o‘tkazilgan navbatdagi futzal bo‘yicha Jahon chempionatida birinchi bor nimchorak final bosqichida qatnashdi va ushbu terma jamoa tarkibidagi jami 14 nafar futzalchining 9 nafari “Huaxin-Jizzax” jamoasi sportchilari hisoblanadi.

– Viloyatda futbol, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirish maqsadida qanday yangi loyihalar amalga oshirilmoqda?

– “So‘g‘diyona” professional futbol klubi huzurida mahalliy byudjet hisobidan loyiha qiymati 14 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga 35 o‘rinli futbolchilar qarorgohi (bazasi) qurilib, foydalanishga topshirildi. U yerda 1 ta tabiiy qopalamali 90x60 metr hajmdagi futbol stadioni, bundan tashqari, fitnes zal, basseyn, oshxona va yotoqxona, konferensiyalar zali barpo etildi.

Viloyat turizm va sport boshqarmasi tizimida jami 19 ta, shundan 13 ta tuman (shahar) bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 4 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 1 ta Olimpiya zaxiralari kolleji va 1 ta futbol mahorat maktabi faoliyat ko‘rsatib, ularda 689 (42 foizi oliy ma’lumotli) nafar (shundan ayollar 142 nafar) trenerlar 1 ming 354 ta guruhda 22 ming 120 nafar yoshga 38 ta sport turidan mashg‘ulot o‘tib kelinmoqda.

Jizzax shahrida respublika byudjeti hisobidan loyiha qiymati 36 milliard 300 million so‘mlik “So‘g‘diyona” professionol futbol klubi huzurida xalqaro talablarga to‘la javob beradigan 120 o‘rinli futbol akademiyasi qurilishiga start berildi.

Shuningdek, respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan umumiy loyiha qiymati 30 milliard 300 million so‘mlik 160 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy bolalar va o‘smirlar “Futbol mahorat maktabi” qurilishi ham boshlandi.

Joriy mavsum Zomin tumanining “Zomin bo‘rilari” futbol jamoasi O‘zbekiston chempionati 1-ligasida 1-o‘rinni band etib, kelgusi yil proligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

– Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida, bolalar-o‘smirlar sport maktablariga qaratilayotgan e’tibor yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

– Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandan so‘ng viloyatda 89 ta yangi sport to‘garagi tashkil qilinib, ularga 3 ming 21 nafar shug‘ullanuvchi jalb etilgan bo‘lsa, “Sportni sev – sport bilan yasha” shiori ostida o‘tkazilayotgan sport oyliklari borasida 6 ta sport turidan jami 708 ta sport musobaqasi o‘tkazilib, ushbu tadbirlarga 83 ming 952 nafar Jizzax ahlining barcha qatlami vakillari jalb etildi.

Ayni paytda, viloyatda 200 ta vorkaut maydoni, Jizzax shahrida 2 ta, Zomin tumanida 1 ta stritbol maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek viloyatda 56,3 kilometrlik velosiped va piyodalar yo‘lakchalari tashkil etildi.

Dastur doirasida viloyatdagi bolalar-o‘smir sport maktablari, sport muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 87 turdagi 9 ming 598 dona 5 milliard so‘mlik sport jihozlari tarqatildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida, hozirda viloyatda 282 ta shaxmat seksiyasi tashkil etilib, ularga 3 ming 828 nafar, shundan 1 ming 656 nafar qizlar va yoshlar qamrab olingan. Turizm va sport boshqarmasi tizimidagi 25 ta shaxmat seksiyasida 17 ta shaxmat murabbiyi 277 nafar yoshga, xalq ta’limi tizimida 248 ta seksiyada 3 ming 401 nafar o‘quvchiga, kasbiy ta’lim boshqarmasi tizimida 9 ta seksiyada 115 nafar talabaga ushbu sport turi sirlari o‘rgatib kelinmoqda.

– 2025 yilda mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Jizzax viloyati yoshlari ushbu nufuzli musobaqalarga tayyorgarlikni qachon boshlamoqchi?

– Jizzaxda ushbu musobaqalarga tayyorgarlik o‘tgan 2021 yildayoq boshlab yuborilgan edi. Yoshlar o‘rtasidagi yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan sport turlarining 20 tasidan ikki bosqichli shahar, tuman va viloyat musobaqalari o‘tkazilib, ushbu musobaqalarda 3 ming 500 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etdi va ular orasida 400 nafardan ortiq iqtidorli sportchilar saralab olindi. 2025 yilda O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Osiyo o‘yinlariga viloyatdan 10 ta sport turidan 18 nafar sportchi ishtirok etishi rejalashtirilgan.

– Endi suhbatni turizm yo‘nalishida davom ettirsak. Jizzax viloyatida turizm, ayniqsa, ekoturizmda juda katta imkoniyatga ega. Ammo mening nazarimda, bu imkoniyatlar zanjiri to‘laligicha, bor quvvati bilan yurib ketmayotgandek...

– Jizzaxda turizm yo‘nalishidagi imkoniyatlar zanjiri sustkashlik bilan aylanayapti, degan fikrga unchalik ham qo‘shilmagan bo‘lardim. To‘g‘ri, xorijiy sayyohlarning Jizzaxga tashrifi – Samarqand, Buxoro, Xiva yoki Shahrisabz kabi Sharq gavhari bo‘lgan qadimiy va hamisha navqiron shaharlarga tenglasha olmaydi. Ammo ichki va tashqi sayyohlarning viloyatimizga kelishi ko‘p.

O‘tgan 2017-2021 yillar davomida, keyingi 2 yili pandemiya tufayli karantin vaqtiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsada, Jizzaxga 21 ta xorijiy davlatdan 25 ming 400 nafar xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatilib, mahalliy sayyohlar soni 3 million 600 ming nafarni tashkil etgan.

2021 yilda turistik xizmatlar eksporti hajmi 406 ming 800 AQSH dollarini tashkil etdi.

Jizzax viloyatida sayyohlarni joylashtirish vositalari soni 2021 yilning 1 dekabr holatiga 171 taga yetkazilgan, ulardagi xonalar soni 1 ming 992 tani, o‘rinlar soni 4 ming 190 tani tashkil etadi. Shundan, 40 tasi mehmonxona, 117 tasi oilaviy mehmon uylari, 18 tasi pansionat va turistik bazalardir.

– Har qanday sayyoh, u xoh xorijiy, xoh mahalliy bo‘lsin, sayyohat qilmoqchi bo‘lgan hududni avvalo internet orqali o‘rganib ko‘radi...

– Biz axborot davrida yashayapmiz, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbus va qarorlari bilan har bir soha raqamli texnologiyaga o‘tayapti.

O‘tgan 2021 yil davomida viloyatda xorijiy va mahalliy turistlar uchun 6 ta turizm axborot markazi tashkil etildi. Ayni paytda, 215 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari faoliyat yuritmoqda, shundan 2021 yilda 44 ta yangi sanitariya-gigiyena shoxobchalari yaratildi. 37 ta turistik ob’ektlarga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatkich belgilari o‘rnatilib, 93 ta turizm ob’ektida “Wi-Fi” zonasi faoliyati yo‘ga qo‘yildi.

2021 yilda umumiy qiymati 18 milliard 900 million so‘mlik jami 7 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada, 3 ta yangi mehmonxona, 2 ta dam olish maskani 2 ta sog‘lomlashtirish markazi ishga tushirilib, jami 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qolgan, yana 34 ta loyiha reja-grafik asosida endi nihoyasiga yetkaziladi.

Shu o‘rinda, ichki turizmni rivojlantirish, sayohatchi va ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida Jizzax viloyati bo‘ylab “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” tamoyili asosidagi sayohat yo‘nalishi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda 42 ta tarixiy, 6 ta madaniy va ko‘ngilochar ob’ekt, 4 ta tog‘li va o‘rmon xo‘jaligi hududlari, 40 ta mehmonxona, 115 ta mehmon uylari, 2 ta kemping, 45 ta gastronomik turizm ob’ekti, 12 ta hunarmandchilik ustaxonasi va boshqa sayyohlik ob’ektlari mavjud.

Viloyatda 2 ta turistik sinfga mansub avtobuslar, 4 ta mikroavtobus va 8 nafar turoperator, 11 nafar gid-tarjimonlar tomonidan mahalliy va xorijiy fuqorolarga sayyohlik xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

– Sayyohlarning borib ko‘rishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar ro‘yxati shakllantirildimi?

– Shubhasiz. Ekskursiya paytida foydalanish uchun borib ko‘rishga tavsiya etiladigan ob’ektlar va hududlar ro‘yxati, shu jumladan Jizzax viloyatining tarixiy va zamonaviy diqqatga sazovor joylarining ro‘yxati, axborot-targ‘ibot materiallari 35 turda tayyorlanib, internet tarmog‘lariga joylashtirilgan va viloyatimizga kelgan sayyohlarga taqdim etib kelinmoqda.

O‘zbekiston “safe tourism” tamoyili asosida 95 ta xavfsiz turizm ob’ektlari ro‘yxati shakllantirilib, ushbu marshrutlar bo‘yicha 10 dan ziyod sayohat dasturlari ishlab chiqilgan.

Viloyat bo‘yicha jami 22 ta tarixiy va 18 ta ziyorat sayyohlik ob’ektlari turizm marshrutiga kiritilib, barcha sharoitlar yaratilgan.

Forish tumanidagi “Uxum”, Zomin tumanidagi “Duoba”, Baxmal tumanidagi “Novqa” qishloqlarida obodonlashtirish, chiqindi qutilari, stella, yo‘l ko‘rsatkich, “Visitor centrye”, turistik axborot markazi, yoritish chiroqlari, aloqa antennasi, selfi zonasi, hunarmandchilik va savdo rastalarini tashkil etish orqali turizm qishlog‘i tashkil etildi.

bugungi kunda dastur doirasida 39 milliard so‘mlik 20 ta ob’ektda qurilish ishlari boshlangan.

Viloyatda 2022-2026 yillar davomida Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida qo‘shimcha turistik zonalar va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha, 300 million AQSH dollarilik yangi loyihalarning amalga oshirilishi va 25 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilandi.

2022 yilda turizmni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilib, Jizzax shahridagi temir yo‘l vokzalidan ushbu hududlardagi turistik majmualarga tezyurar avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahri va boshqa hududlardan uyushgan holda keladigan turistlarga transport xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Zomin, Forish, Baxmal tumanlari va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimining turizm ob’ektlarigacha yo‘l va elektr ta’minotiga 200 milliard so‘m ajratiladi. Aholi xonadonlarida oilaviy mehmon uylarini yo‘lga qo‘yish uchun, o‘quv markazi tashkil etilib, imtiyozli kreditlar, subsidiya va yangi yengilliklar paketi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun maxsus soliq rejimi tatbiq etilib, 3 yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlari hisoblangan summadan bor-yo‘g‘i 1 foizini to‘lash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, yo‘l bo‘ylarida savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurish, “Zomin” turistik hududida zamonaviy tog‘-chang‘i kompleksi, tog‘-dor yo‘li, 8 ta sihatgohdan iborat “rekreatsion zona” barpo etish ham nazarda tutilgan.

– Davlatimiz rahbari o‘tgan 2021 yilning 6 aprelida “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga imzo qo‘ygandi. Ushbu farmon ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Turistik zona hududida “Suffa platosi. 2 ming 400” xalqaro umummavsumiy kurorti va “O‘riklisoy” turizm majmuasi, uzunligi 2 ming 600 metr bo‘lgan zamonaviy osma dor yo‘li quriladi hamda mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish, eko-park, sport maydonchalari va boshqa turizm ob’ektlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida suvda dam olish va plyaj turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-2025 yillarda Jizzax viloyatining “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi”da plyaj turizmini rivojlantirishga qaratilgan turistik-rekreatsion zonasini tashkil etishi belgilangan. Ushbu hududda turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish davlat dasturi tasdiqlanadi.

Ushbu zona hududida mehmonxona majmualari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar, plyaj, kurort, sport va boshqa zamonaviy jahon standartlariga mos boshqa turizm infratuzilmaci ob’ektlari barpo etiladi.

– Hududlarga olib boruvchi yo‘llar infratuzilmasi, sayyohlarni, ayniqsa, xorijliklarni chorlash uchun talabga javob beradimi?

– Kamchiliklar borligini tan olish lozim. Lekin aytgan bo‘lardimki, barcha olis va tog‘li hududlarda turizm zonalarining tashkil etilishida yo‘l va boshqa kommunikatsiyalar quriladi, plyajlar hududida havo sharlarida ekskursiyalarni tashkil qilish, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan yer usti transporti (“karavaning”) xizmatlari, “Baliqchilik” maktabi hamda “Zorbing-markaz” attraksioni tashkil qilinishi ham nazarda tutilgan.

2022 yilda turistlarlarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 10 ta turizm axborot markazi, 52 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchasi, 45 ta turistik ob’ektga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatkich belgilari va 75 ta turizm ob’ektida “Wi-Fi” hududlari tashkil etilishi rejalashtirildi.

2022-2026 yillarda xorijiy sayyohlar soni 60 mingga, mahalliy sayyohlar soni esa 5 million 100 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 2,5 baravarga oshishga erishiladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Abdujalol Qayumov suhbatlashdi.

Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA